
**Reallikni tan olish**
5 oktyabr kuni Moskvada Afgʻoniston boʻyicha maslahatlashuvlarning Moskva formatidagi 8-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar Afgʻonistondagi va uning atrofidagi vaziyatni, jumladan, Kobul va Islomobod oʻrtasidagi ixtilofni muhokama qildilar. Uchrashuv Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekistonning maxsus vakillari hamda yuqori lavozimli mulozimlarini birlashtirdi. Mehmon sifatida Belarus va Misr delegatsiyalari taklif etildi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yigʻilishda Afgʻonistonni boshqarayotgan «Tolibon» harakati faoliyati haqida ijobiy fikr bildirdi.
«Tolibon harakati boshchiligida hokimiyat tepasiga kelgan milliy hukumat mamlakat hududini nazorat ostiga oldi va tan olish kerakki, uni ancha muvaffaqiyatli boshqarmoqda», — dedi Rossiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari.
Uning soʻzlariga koʻra, toliblar Afgʻoniston hududida terrorchilik guruhlariga qarshi murosasiz kurash olib bormoqda. «Yuzlab jangarilar yoʻq qilindi, bir qator shov-shuvli terrorchilik harakatlari, jumladan, xorijiy fuqarolar va diplomatik vakolatxonalarga qarshi qaratilgan harakatlar bartaraf etildi», — deya Sergey Lavrovning soʻzlaridan iqtibos keltiradi TASS.
RF TIV rahbari Kobulning aksilterror imkoniyatlarini mustahkamlash umumiy manfaatlarga javob berishini taʼkidladi hamda moddiy-texnik va ekspertlik koʻmagi, shuningdek, maxsus xizmatlar va huquq-tartibot idoralari oʻrtasidagi aloqalar zarurligini qayd etdi.
S. Lavrovning fikricha, Gʻarb davlatlarining sanktsiyalari Afgʻoniston iqtisodiyoti rivojlanishiga toʻsqinlik qila olmadi. «Inson huquqlarini himoya qilish bahonasida islom amirligini xalqaro moliya tizimidan uzib qoʻygan, uning milliy bank aktivlarini oʻzlashtirib olgan Gʻarb davlatlarining qattiq sanktsiyaviy bosimiga qaramay, Afgʻoniston iqtisodiyoti rivojlanishda davom etmoqda», — dedi vazir.
U shuningdek, «Afgʻoniston rasmiylari TAPI (Turkmaniston — Afgʻoniston — Pokiston — Hindiston) magistral gaz quvurini oʻz ichiga olgan mintaqaviy energetika loyihalariga sodiqligini tasdiqlagani, soliq islohotini oʻtkazgani, korruptsiyaga qarshi qonunchilikni mustahkamlagani va sanoatni jonlantirganini» koʻrsatib oʻtdi.
Sergey Lavrov rasmiy maʼlumotlarni keltirdi, unga koʻra Afgʻonistonda 170 ga yaqin yangi ishlab chiqarish korxonalari ochilgan. U mamlakatda «elektr energetikasini rivojlantirishning besh yillik rejasi ishlab chiqilganini», Afgʻoniston dunyoning 100 dan ortiq davlati bilan olib borayotgan «tashqi savdo hajmi esa oʻtgan yili 14 milliard dollargacha oʻsganini» qoʻshimcha qildi.
RF Tashqi ishlar vaziri Rossiya Afgʻonistonga insonparvarlik yordami koʻrsatishni davom ettirishini va navbatdagi partiya yaqin oylarda mamlakatga yetib borishini maʼlum qildi. «Rossiya oʻz tomonidan muntazam ravishda insonparvarlik yordamlarini yetkazib berishni davom ettiradi. Ushbu yetkazib berishlarning navbatdagi partiyasi yaqin bir-ikki oy ichida Afgʻonistonga yetib borishi kerak», — dedi Sergey Lavrov.
Rossiya «Tolibon» bilan aloqalarni harakat hokimiyatga qaytishidan ancha oldin qura boshlagan edi. Afgʻoniston boʻyicha maslahatlashuvlarning Moskva formati 2016 yilda yoʻlga qoʻyilgan. Keyinchalik unga toliblar ham qoʻshildi. Ular 2021 yil avgust oyida hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ham hamkorlik davom etdi, garchi Rossiya uzoq vaqt davomida ular tomonidan tuzilgan hukumatni rasman tan olmagan boʻlsa-da.
2024 yilda RF TIV va Adliya vazirligi «Tolibon»ni Rossiyaning terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqarishni taklif qildi. Oʻshanda RF Prezidenti Vladimir Putin Afgʻonistonning amaldagi rasmiylari bilan munosabatlarni «qandaydir tarzda qurish kerak», chunki aynan ular mamlakat hududini nazorat qilmoqda, deb bayonot bergan edi. 2025 yil aprel oyida Oliy sud Bosh prokuraturaning daʼvosini qanoatlantirdi va harakatni terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqardi. Oʻsha yilning iyul oyida Rossiya Afgʻoniston Islom Amirligini rasman tan oldi va hozirgacha ushbu rasmiy diplomatik qadamni qoʻygan yagona davlat boʻlib qolmoqda.

