Raqobat qoʻmitasi aviareyslar kechikkanda yoʻlovchilarga kompensatsiya toʻlanishi holatlarini oʻrganmoqda
Havo transporti xizmatlari boʻyicha isteʼmolchilar murojaatlari 2026-yilning birinchi yarmida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 barobarga koʻpayib, 300 dan ortiqni tashkil etgan.

Raqobat qoʻmitasi aviareyslar kechikkanda yoʻlovchilarga kompensatsiya toʻlanishi holatlarini oʻrganmoqda
Murojaatlarda reyslarning bir necha soatga kechikishi, yoʻlovchilarga oʻz vaqtida aniq axborot berilmasligi, sifatsiz xizmat koʻrsatilishi, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi kabi holatlar qayd etilgan. Ayrim hollarda tashuvchining aybi bilan kechikkan reyslar boʻyicha yoʻlovchilarga kompensatsiya yoki muqobil yechim taklif etilmagan. Bu esa fuqarolarning vaqti, mablagʻi va rejalariga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Qoʻmita mahalliy aviareyslar tashuvchining aybi bilan kechikkanda yoʻlovchilarga kompensatsiya toʻlanishi hamda isteʼmolchilar huquqlariga rioya etilishi holatlarini ochiq manbalar asosida oʻrganmoqda.
Raqobat qoʻmitasi aviakompaniyalardan raqamli platformalaridagi axborotlarni toʻliq taqdim etish va qonunchilikka muvofiqlashtirishlarini, fuqarolardan esa ushbu sohadagi oʻz taklif va eʼtirozlari yuzasidan murojaat etishlarini soʻramoqda.

