Rafinya yana 3 ta gol urdi, «Arsenal» 3 ta oʻtkazdi. Kun oʻyinlari
Shanba oqshomida Yevropa futbolida roʻy bergan asosiy voqealar.

Rafinya yana 3 ta gol urdi, «Arsenal» 3 ta oʻtkazdi. Kun oʻyinlari
«Tottenhem» – «Aston Villa» 2:3
Manzambi, 45+4 (0:1). Jekson, 67 (0:2). Buendiya, 79 (0:3). Gallaher, 86 (1:3). van Hekke, 90+8 (2:3)
APLning shanba kungi dasturi mavsumdagi omadsiz jamoalar — «Tottenhem» va «Aston Villa» bahsi bilan boshlandi. «Shporlar»dagi inqiroz yanada chuqurroq ekani ayon bo‘ldi: birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda mehmonlar hisobni ochishdi. Mezbonlar himoyachisi Robertson to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketmasligi uchun urinib ko‘rdi, biroq to‘p mehmonlar sardori Makginn qo‘liga tushdi. U boshlab bergan hujumda Kamaraning zarbasi nishonga yetmadi, ammo to‘p Manzambining oyog‘iga kelib tushdi. Shveysariya milliy jamoasi safida JChda porlagan bu yosh yarimhimoyachi yangi jamoasidagi debyutini gol bilan nishonladi.
Roberto De Dzerbi shogirdlari esa APLdagi ilk golini urishda ham qiynalishdi. Ikkinchi bo‘limda Quddus darvozani ishg‘ol qilgandi, ammo videotakror shuni ko‘rsatdiki, hujumning boshlang‘ich bosqichida Robertson ofsaydda qolib ketgan. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Unai Emeri jamoasi hisobdagi farqni oshirdi. Shu kuni juda yaxshi o‘ynagan Jekson Sudzuki jarima maydonidan uzatgan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va Manzambi bilan devor uslubida o‘ynab, hujum yakunida himoyachini chiroyli tarzda aldab o‘tdi hamda to‘pni burchakka yo‘naltirdi.
80-daqiqada — Buendiyaning zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘qqizligiga borib tushgan paytda — mezbonlar muxlislari tribunalarni tark eta boshlashdi. Stadionni erta tark etganlar Gallaherning golini va De Dzerbining kinoyali jilmayishini ko‘ra olishmadi. Londonliklar nihoyat APLda gollar hisobini ochishdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa van Hekke yana bir bor «Aston Villa» darvozasini ishg‘ol etdi. Biroq mezbonlarda uchinchi gol uchun vaqt yetmadi, mehmonlar esa mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
«Brayton» – «Arsenal» 3:0

