Mahalliy

«Quva anori» rahbari jahonning «100 qahramon ayoli» qatoriga kirdi

Fargʻona viloyatidagi «Quva anori» agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti - FAO eʼlon qilgan «100 qahramon ayol» roʻyxatiga kiritildi. U 130 dan ortiq mamlakatdan koʻrsatilgan 600 nafardan ziyod nomzod orasidan saralab olingan.

«Quva anori» rahbari dunyoning «100 qahramon ayoli» roʻyxatiga kiritildi

«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, taqdirlash marosimi 15-oktabr kuni Rimdagi FAO bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan. Unda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat tizimlari va qishloq hududlarini rivojlantirish, insonlar hayotini yaxshilashga hissa qoʻshayotgan xotin-qizlar eʼtirof etilgan.

Masturaxon Sayfutdinova qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etishdagi faoliyati uchun roʻyxatdan joy olgan.

Shuningdek, uning «Anor yetishtiruvchilar» uyushmasini tashkil etish tashabbusi, soha boʻyicha darslik va qoʻllanmalar yaratishdagi xizmatlari ham qayd etilgan.

Oʻzbekiston vakilini FAO bosh direktori Syuy Dunyuy shaxsan taqdirlagan. Alohida uchrashuvda u bu natijani Sayfutdinovaning shaxsiy yutugʻi bilan birga, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi ishlar bilan ham bogʻlagan.

Xabarda Sayfutdinovaning yetakchilik salohiyati, tirishqoqligi va tashabbuskorligi xalqaro eʼtirofga asos boʻlgani taʼkidlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.