Qozoğistonda bolalar uçun oçilgan uçta yaşirin öquv markazi yopildi
Qozoğistonning Atirau şahrida ekstremistik guruh faoliyatiga aloqadorlikda gumonlangan 10 kişi uşlandi. Mamlakat Milliy xavfsizlik qömitasiga köra, bolalar va ösmirlar uçun taşkil etilgan uçta yaşirin öquv markazi faoliyati ham töxtatilgan.

Qozoğistonda bolalar uchun ochilgan uchta yashirin o‘quv markazi yopildi
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati bu haqda 2-noyabr kuni ma’lum qildi. Ushlash tadbirlari 30-oktabrda prokuratura organlari muvofiqlashtiruvida, sudgacha bo‘lgan tergov doirasida o‘tkazilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchilar hududda konstitutsiyaviy tuzum asoslarini zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishni rejalashtirgan.
Ular ekstremistik guruh tuzish, unga rahbarlik qilish va faoliyatida ishtirok etish, shuningdek, terrorizmni targ‘ib qilish hamda diniy adovat qo‘zg‘atishda gumon qilinmoqda.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilarning yashash joylarida o‘tkazilgan tintuvlarda o‘qotar qurol, giyohvand moddalar, diniy buyumlar va adabiyotlar, shuningdek, boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan uchta yashirin o‘quv markazi faoliyatiga ham chek qo‘ygan. MXQ bu markazlar tergov qilinayotgan guruh ishtirokchilari tomonidan tashkil etilganini bildirgan. Ularda nimalar o‘qitilgani haqida xabarda ma’lumot berilmagan.
Idoraning qayd etishicha, ushlanganlarning ayrimlari avval terrorchilik va boshqa jinoyatlar uchun sudlangan. Tergov manfaatlari sababli ishning boshqa tafsilotlari oshkor qilinmagan.

