Qozogʻiston va Oʻzbekiston Shimkentda xavfsizlik masalalarini muhokama qildi
Shimkentda Qozogʻiston va Oʻzbekiston Xavfsizlik kengashlarining sakkizinchi raund konsultatsiyalari boʻlib oʻtdi. Tomonlar bayonnoma imzoladilar va ekspertlar guruhini tuzishga kelishib oldilar.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston Chimkentda xavfsizlik masalalarini muhokama qildi
Chimkentda Qozogʻiston va Oʻzbekiston Xavfsizlik kengashlari apparatlari oʻrtasidagi maslahatlashuvlarning sakkizinchi raundi boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Aida Balayeva va Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov hamraisligida oʻtdi.
Maslahatlashuvlarda ikki mamlakat tegishli davlat organlari vakillari ishtirok etdi. Asosiy eʼtibor xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga qaratildi.
Tomonlar xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish, yoshlarning radikallashuvining oldini olish, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishni muhokama qildilar.
Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning rivojlanishi bilan bogʻliq yangi xavf-xatarlar alohida tilga olindi.
Shuningdek, ishtirokchilar suv va ekologik xavfsizlik, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Ushbu kontekstda Qozogʻiston Prezidentining BMT tizimida Xalqaro suv tashkilotini hamda Favqulodda iqlim va texnogen vaziyatlarni prognoz qilish mintaqaviy markazini tashkil etish boʻyicha tashabbuslarining muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Aida Balayeva va Viktor Mahmudov bayonnoma imzoladilar. Bundan tashqari, tomonlar uni izchil amalga oshirish bilan shugʻullanadigan qoʻshma ekspertlar guruhini tuzishga kelishib oldilar.
Ikki mamlakat Xavfsizlik kengashlari apparatlari oʻrtasidagi maslahatlashuvlar tasdiqlangan hamkorlik rejasiga muvofiq muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.
Tatrif doirasida delegatsiyalar rahbarlari Chimkentdagi A. Asqarov nomidagi dendroparkda daraxtlar ham ekishdi va shu orqali Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik hamda uzoq muddatli sheriklikning ahamiyatini taʼkidladilar.

