Mahalliy

O‘zbekiston va Qozog‘iston AES xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston atom elektr stansiyalari (AES) xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi xabar berdi.

21-avgust kuni ikki davlat delegatsiyalari uchrashuv o‘tkazib, AES qurilishi, yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida tomonlar birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish va yo‘l xaritasi tuzishga kelishib oldi.

Hozirda har ikki davlat ham o‘zining birinchi AESini qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni loyihalash, qidiruv va tayyorgarlik ishlari, shuningdek, atom va radiatsiya xavfsizligini ta’minlash hamda atrof-muhitni nazorat qilish usullari haqida ma’lumot berdi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayevning ta’kidlashicha, “Xavfsizlik — O‘zbekiston milliy atom dasturining shubhasiz ustuvor yo‘nalishidir. Biz milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga muvofiq yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik tizimini izchil yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Qo‘shni davlatlar, avvalo, Qozog‘iston bilan ochiq muloqot o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi va loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olish imkonini beradi”.

Qozog‘iston tomoni loyihaning texnik va ekologik jihatlari bo‘yicha savollar berdi. O‘zbekiston Energetika, Ekologiya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari vakillari ushbu savollarga javob berdi. Tomonlar atom sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasini ham alohida muhokama qildi.

Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Mansur Oshurboyev shunday dedi: “Qozog‘iston mintaqada atom energetikasining barqaror va xavfsiz rivojlanishidan manfaatdor. Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida tajriba almashish, yondashuvlarning shaffofligi va hamjihatlikdagi ishlar har ikki mamlakat hamda Markaziy Osiyo aholisi manfaatlariga mos keladi. Bugungi muzokaralar davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik yuksak darajada ekanini tasdiqlaydi”.

O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari mutaxassislarining ta’lim modullari va amaliy tayyorgarligini, zamonaviy laboratoriyalar negizida trenajyor mashg‘ulotlarini, XAEA tavsiyalariga muvofiq milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ekspert maslahatlarini, yagona akademik mobillik platformasini, shuningdek, respublikada AES qurish va undan foydalanish tajribasiga asoslangan “bilimlar bazasi”ni birlashtirishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan markaz konsepsiyasini taqdim etdi.

Markazning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik madaniyatini mustahkamlash, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda tinch atomning ijtimoiy maqbulligini, shu jumladan, Nuclear Knowledge Platform va Nuclear Energy Modelling Hub raqamli platformalari orqali oshirish kiradi.

Avvalroq O‘zbekiston atom elektr stansiyasida radiatsiya halokati yuz berganda harakat qilish tartibini tasdiqlagan edi. Ushbu hujjatda favqulodda holat e’lon qilish, xizmatlarni ogohlantirish va yordam ko‘rsatish tartibi belgilangan.

Qirg‘izistonda esa atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha aniq qaror yo‘q, ammo Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.