Qozog‘istonni “rus mamlakati” deb atagan erkak 20 sutkaga qamaldi (video)
Olmaota shahridagi savdo markazida qo‘riqchi hamda xaridorlar bilan janjallashgan 40 yoshli Qozog‘iston fuqarosi ushlandi.

Qozog‘istonni “rus mamlakati” deb atagan erkak 20 sutkaga qamaldi (video)
Qozog‘istonning Olmaota shahrida 40 yoshli erkak savdo markazida qo‘riqchi va xaridorlar bilan tortishib qolgani uchun 20 sutkaga qamaldi. Tortishuv chog‘ida u “Bu — ruslar mamlakati” degan. Bu haqda “Toppress.kz” shahar politsiya departamentiga tayanib xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda voqea aks etgan video tarqaldi. Unda supermarket chiqishida qo‘riqchi qo‘lida energetik ichimlik bo‘lgan erkakdan chekni ko‘rsatishni so‘ragani ko‘rinadi.
Xaridor do‘kon xodimi bilan bahslashishni boshlaydi. Boshqa xaridorlar ham janjalga aralashib, erkakni qo‘riqchiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Mojaro paytida u: “Bu — rus mamlakati”, degan so‘zlarni aytadi.
Voqea joyida bo‘lganlardan biri unga e’tiroz bildiradi. U Qozog‘iston qozoqlar mamlakati ekanini eslatib, do‘kon xodimining talabini bajarishga chaqiradi. Keyinroq qo‘riqchi chekni tekshirib, energetik ichimlik uchun to‘lov qilinganini tasdiqlaydi.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, video tarqalgach, tezkor surishtiruv o‘tkazilgan. Huquqbuzarning shaxsi aniqlangan. U Olmaota shahrida yashovchi 40 yoshli Qozog‘iston fuqarosi ekani ma’lum bo‘lgan. Sud qarori bilan erkak ma’muriy javobgarlikka tortildi. Unga 20 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

