Qozog‘iston xorijliklar uchun pulli elektron ruxsatnoma joriy etadi. Talab o‘zbekistonliklarga ham taalluqli

Qozog‘iston vizasiz rejimga ega davlatlar fuqarolari, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakatga kirishda pulli elektron ruxsatnoma – Electronic Travel Authorization (ETA) tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda.
QazETA raqamli platformasi orqali rasmiylashtiriladigan ushbu elektron ruxsatnomani safardan kamida 72 soat oldin topshirish tavsiya etiladi va u 180 kun davomida amal qiladi. QazETA hujjatlar qatorida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ID kartalarini ham qabul qiladi.
Yangi tizim 25-avgustdan 1-noyabrgacha sinov rejimida ishlaydi. Bu davrda ETA olmagan xorijliklarning Qozog‘istonga kirishi rad etilmaydi, biroq ularga keyingi safarda elektron ruxsatnoma talab qilinishi haqida ogohlantiriladi.
1-noyabrdan boshlab ETA Qozog‘istonga samolyot orqali kiruvchilar uchun majburiy bo‘ladi. Elektron ruxsatnomasi bo‘lmagan yo‘lovchilarni aviakompaniyalar reysga chiqarmasligi belgilangan.
15-noyabrdan boshlab bu talab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining tashqi chegaralaridagi avtomobil o‘tish punktlariga ham tatbiq etiladi. Bu Qozog‘istonning Xitoy, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan chegaralarini ham qamrab oladi. Shu sanadan boshlab O‘zbekistondan Qozog‘istonga avtomobil yoki avtobusda kiruvchilar ham ETA olishlari kerak bo‘ladi.
30-noyabrdan elektron ruxsatnoma talabi Qozog‘istonning Rossiya va Qirg‘iziston bilan avtomobil chegaralariga, 15-dekabrdan esa temiryo‘l va dengiz orqali kiruvchilarga ham joriy etiladi.
Serbiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ETA’ni oldindan rasmiylashtirish narxi taxminan 3 900 tenge, chegarada ariza berish esa 7 800 tenge bo‘lishi kutilmoqda. Elektron ruxsatnoma amaldagi vizasiz rejimni bekor qilmaydi.
Avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun pulli elektron ruxsatnoma joriy etishni taklif qilgani haqida xabar qilingandi. O‘shanda tizimni 2026-yil avgustidan dekabrigacha bosqichma-bosqich ishga tushirish rejalashtirilayotgani, ammo aniq muddatlar va to‘lov miqdori hali ma’lum qilinmagandi.

