Qozog‘iston tengesi Yevropa va Osiyoning eng kuchli valyutasi deb topildi

Qozog‘iston tengesi Yevropa va Osiyoda eng kuchli valyuta deb e’tirof etildi, chunki xalqaro investorlar mamlakatning ichki qarzlarini faol sotib olmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Tenge 2026-yilda AQSH dollariga nisbatan 9,7 foizga qimmatlashdi va Lotin Amerikasi hamda Afrikaning ayrim valyutalaridangina ortda qoldi. Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiyotda yuqori foiz stavkalarining saqlanib qolishi xorijiy aktiv boshqaruvchilarini o‘ziga jalb etmoqda.
LGT Capital Partners investitsiya kompaniyasi vakili Jetro Siyekkinenning so‘zlariga ko‘ra, bu juda barqaror ko‘rsatkichdir. Uning ta’kidlashicha, investorlar o‘z portfellarini turli aktivlar bilan boyitishni istamoqda, Qozog‘iston obligatsiyalarini sotib olish va savdo qilish esa ancha osonlashgan.
Iyun oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, xorijliklar qo‘lidagi tenge davlat obligatsiyalari hajmi 5 milliard dollarga yetgan, bu umumiy bozorning qariyb o‘ndan bir qismini tashkil etadi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 2 milliard dollar atrofida edi.
Investorlarni Qozog‘istondagi yuqori foiz stavkalari ham jalb qilmoqda. Iyul oyida Markaziy bank asosiy stavkani 16,75 foizgacha tushirdi. Yillik inflyatsiya esa 2025-yil sentyabrdagi 13 foizdan iyun oyida 10 foizgacha pasaydi.
Avvalroq Rossiyaning Qora dengizdagi terminaliga qilingan hujumlar Qozog‘iston nefti eksportiga to‘sqinlik qilgan edi. Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning iltimosidan so‘ng ushbu terminalga hujumlar to‘xtatilgan.
ING bankining bosh iqtisodchisi Dmitriy Dolginning so‘zlariga ko‘ra, tengening mustahkamlanishi savdo oqimidan ko‘ra ko‘proq kapital oqimi bilan bog‘liq. Aprel oyida Qozog‘iston ichki obligatsiyalarni Euroclear xalqaro kliring tizimiga ulash rejasini e’lon qilganidan so‘ng, mamlakatga investitsiya kirib kelishi yanada tezlashdi.
Investorlar Qozog‘istonni Rossiya o‘rnini bosuvchi energiya ishlab chiqaruvchi munosib muqobil deb bilmoqda, chunki Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin xalqaro obligatsiyalar bozoridan uzilib qolgan edi.
Goldman Sachs eksperti Klemens Grafning ta’kidlashicha, xorijiy kapitalga qiziqish faqat neft narxiga bog‘liq emas. Qozog‘istonda neftning katta qismini xorijiy kompaniyalar qazib oladi, shu sababli neft qimmatlashsa, daromad mamlakat iqtisodiyotiga emas, o‘sha kompaniyalarga va ularning fondlariga o‘tadi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston investitsiyaviy kredit reytingiga ega bo‘lib, bu borada Misr va Nigeriya kabi mamlakatlardan ustun turadi. Qozog‘iston JPMorgan bankining GBI-EM deb nomlangan nufuzli indeksiga kirishni maqsad qilgan. Bu indeks rivojlanayotgan davlatlarning milliy valyutadagi obligatsiyalarini o‘z ichiga oladi.
Mamlakatga kirib kelayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ham tengega qo‘shimcha kuch bermoqda. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 6,3 milliard dollarni tashkil etdi. Hukumat neftdan tashqari qo‘shimcha daromad olish uchun Xitoydan Yevropaga yuk tashuvchi tranzit markaziga aylanishni rejalashtirmoqda.
Osiyo bozorlari fondi menejeri Ruchir Desainikaning aytishicha, Qozog‘iston Xitoy tovarlarining Yevropaga tranzitidan katta foyda ko‘rmoqda. Hozirda AQSH va Xitoy bu hududda o‘z ta’sirini oshirish uchun raqobatlashmoqda.
Avgust oyida Qozog‘iston Nvidia va Firebird kompaniyalari bilan 10 milliard dollarlik shartnoma imzoladi. Bu mablag‘ mamlakatda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qurishga yo‘naltiriladi.
Citic CLSA tahlilchisi Maks Hopkinsning ta’kidlashicha, Qozog‘iston Xitoy va Rossiya o‘rtasida joylashgan bo‘lib, ularning hech biriga to‘liq qaram bo‘lishni istamaydi. Shu sababli ko‘proq xorijiy kapitalni jalb qilishga intilmoqda.

