Qozog‘iston Ispaniyadan ikkita harbiy samolyot xarid qildi
Airbus A400M havo hujumidan mudofaa kuchlari uchun mo‘ljallangan. Hozirda 10 ta davlat qurolli kuchlari safida shunday samolyot xizmat qilmoqda.

Qozog‘iston Ispaniyadan ikkita harbiy samolyot sotib oldi
Qozog‘iston Ispaniyadan ikkita Airbus A400M Atlas harbiy-transport samolyotini xarid qildi. Birinchisi 2024-yil oxirida, ikkinchisi esa 2026-yil noyabr oyida mamlakatga yetkazildi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
A400M nafaqat mudofaa vazifalarida, balki favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish, aholini evakuatsiya qilish va gumanitar yordam yetkazishda ham qo‘llanishi mumkin.
“U qozog‘istonlik harbiy xizmatchilarning xalqaro tinchlikparvar missiyalarda ishtirokini ta’minlaydi. Ushbu toifadagi samolyotlarning mavjudligi milliy tinchlikparvar kontingentni mustaqil ravishda tashish imkoniyatlarini kengaytiradi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Yangi samolyotlarni Ispaniyaning Sevilya shahridagi Airbus markazida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan qozog‘istonlik ekipajlar boshqaradi. Ularga muhandis-texnik xodimlar ham xizmat ko‘rsatadi. Airbus A400M harbiy-transport samolyoti jami o‘nta davlat: Qozog‘iston, Turkiya, Germaniya, Malayziya, Indoneziya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Belgiya va Lyuksemburgda mavjud.
“U og‘ir texnikani uzoq masofalarga tashish imkoniyatini qisqa tuproqli yo‘laklarga qo‘nish qobiliyati bilan uyg‘unlashtirib, Qurolli Kuchlarning salohiyatini kengaytiradi”, deya qo‘shimcha qildi Mudofaa vazirligi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Harbiy havo kuchlari sentyabr oyida Braziliyaning Embraer kompaniyasiga tegishli C-390 Millennium ko‘p maqsadli harbiy-transport samolyotini qabul qilgandi. Shu tariqa mamlakat C-390 Millennium samolyotining Markaziy Osiyodagi birinchi operatoriga aylangan. Samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2024-yil oxirida imzolangan bo‘lib, u mutaxassislarni tayyorlash va texnik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ehtiyot qismlar yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.

