Qozog‘iston elektron kirish ruxsatnomalarini bosqichma-bosqich joriy qila boshladi
Qozog‘istonda mamlakatga vizasiz kelishi mumkin bo‘lgan xorijiy fuqarolar uchun elektron kirish ruxsatnomalari (ETA) bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi. Ruxsatnoma safardan kamida 72 soat oldin bepul rasmiylashtiriladi. 2027-yil 1-iyuldan Qozog‘istonga kirish uchun ETA talab qilinishi majburiy bo‘ladi.

Qozog‘istonda elektron kirish ruxsatnomalari bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi
Qozog‘istonda mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar uchun elektron ruxsatnomalar (ETA — Electronic Travel Authorization) bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Yangi tartib Qozog‘iston hukumatining 10-oktabrdagi qarorida belgilangan.
Ruxsatnoma safardan kamida 72 soat oldin QazETA raqamli platformasi orqali bepul rasmiylashtiriladi. 2027-yil 1-iyuldan boshlab ETA tizimi orqali ruxsat olish Qozog‘istonga kirish uchun majburiy bo‘ladi.
Tizim uch bosqichda joriy etiladi:
2027-yil 30-iyungacha xorijliklar Qozog‘istonga ruxsatnomasiz ham kirishlari mumkin, biroq chegarada ularga bu talab haqida ogohlantirish beriladi. 2027-yil 1-iyuldan esa ruxsatnomaning yo‘qligi mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Ruxsatnoma milliy xavfsizlik organlari bilan kelishilgan holda ichki ishlar organlari tomonidan beriladi va 180 kalendar kun davomida amal qiladi. Shu bilan birga, xorijiy fuqaroning mamlakat hududida bo‘lish muddati amaldagi migratsiya qoidalari bilan cheklanadi (xususan, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda vizasiz 90 kungacha bo‘lishlari mumkin).
Bu talab faqat vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolari uchun amal qiladi.
Jami 29 toifadagi fuqarolar ruxsatnoma olishdan ozod etilgan. Ular orasida davlat rahbarlari, diplomatlar, 16 yoshga to‘lmagan bolalar, 65 yoshdan oshgan shaxslar hamda chegarani kesib o‘tmaydigan tranzit yo‘lovchilar bor.

