QazETA filtrlari
Qozogʻiston kirish uchun elektron ruxsatnoma joriy etmoqda: oʻzbekistonliklar nimalarni bilishi kerak

**QazETA filtrlari**
Qozogʻiston Respublika Qozogʻiston bilan vizasiz rejim amal qiladigan mamlakatlar fuqarolari uchun kirishga pullik elektron ruxsatnomalarni bosqichma-bosqich joriy etishni boshladi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida ham vizasiz rejim amal qilgani sababli, yangi qoidalar Oʻzbekiston fuqarolariga ham daxl qiladi.
QazETA — bu xorijiy fuqarolar uchun davlat raqamli platformasi boʻlib, u orqali «yagona darcha» tamoyili boʻyicha asosiy migratsiya xizmatlaridan foydalanish mumkin. Platforma 2026 yil yanvar oyida ishga tushirilgan va hali ham pilot rejimida ishlamoqda. Hozirda QazETA orqali bir nechta xizmatlar, jumladan, elektron viza (E-Visa) va ETA rasmiylashtirish imkoniyati mavjud.
Electronic Travel Authorization (ETA) ruxsatnomasini QazETA raqamli platformasi orqali rasmiylashtirish kerak boʻladi. Ariza safardan kamida 72 soat oldin topshirilishi lozim. Ruxsatnoma 180 taqvim kuni davomida amal qiladi va ushbu muddat ichida Qozogʻistonga bir necha bor kirish imkonini beradi.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun toʻlov undiriladi. Bunda uning miqdori Qozogʻiston hukumati tomonidan belgilanishi kerak. Taxmin qilinishicha, QazETA orqali rasmiylashtirilganda kirish ruxsatnomasi 3900 tenge — taxminan 100 ming soʻm turadi. Agar u toʻgʻridan-toʻgʻri chegarada rasmiylashtirilsa, qiymati 7800 tengeni yoki taxminan 200 ming soʻmni tashkil etadi.
QazETA saytidagi maʼlumotlarga koʻra, quyidagilar kirish uchun elektron ruxsatnoma olishdan ozod etiladi: 16 yoshdan kichik va 65 yoshga toʻlgan shaxslar; diplomatik va xizmat pasportlari egalari; rasmiy delegatsiyalar aʼzolari; Qozogʻiston vizasiga yoki mamlakatda yashash guvohnomasiga ega boʻlgan xorijiy fuqarolar.
Xalqaro aeroportlarning tranzit hududida 3 kungacha boʻlgan tranzit yoʻlovchilarga ETA rasmiylashtirish talab etilmaydi.
25 avgustdan 1 noyabrgacha tizim test rejimida ishlaydi. Ushbu davrda xorijliklar Qozogʻistonga ETA'siz kiritiladi, biroq chegarachilar ularni keyingi kirish uchun ruxsatnoma olish zarurligi haqida ogohlantiradi.
1 noyabrdan boshlab Qozogʻistonga samolyotda keluvchi xorijliklar uchun elektron ruxsatnoma majburiy boʻladi.
Xitoy, Turkmaniston va Oʻzbekiston tomonidan YEOII tashqi chegarasini avtomobil yoki avtobusda kesib oʻtish uchun ETA 15 noyabrdan boshlab talab qilinadi.
30 noyabrdan boshlab talab YEOII ichki chegaralaridagi — Rossiya va Qirgʻiziston bilan avtomobil oʻtish punktlariga tarqaladi. Poyezd yoki dengiz transportida keluvchi yoʻlovchilar uchun elektron ruxsatnoma 15 dekabrdan boshlab majburiy boʻladi.
Qozogʻiston elchixonalari xabarlarida qayd etilishicha, elektron ruxsatnomaning mavjudligi xorijiy fuqaroning Qozogʻistonga kirishini kafolatlamaydi. Mamlakatga kiritish toʻgʻrisidagi yakuniy qarorni chegara nazorati vaqtida vakolatli davlat organi qabul qiladi.
Qozogʻistonning vizasiz mamlakatlar fuqarolari uchun pullik elektron ruxsatnomalarni joriy etish rejalari haqida avgust oyi boshida maʼlum boʻlgan edi. Oʻshanda Qozogʻiston IIV qaror loyihasini eʼlon qilib, tizim 2026 yilning avgust oyidan dekabr oyigacha joriy etilishini maʼlum qilgandi.
Oʻsha paytda joriy etishning aniq bosqichlari va ruxsatnoma qiymati haqida rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilinmagan edi.

