Qozogʻistonning neft zaxiralari qanchaga yetadi?
“QazMunayGaz” kompaniyasi raisi zaxiralarni 785 million tonnaga baholab, bu necha yilga yetishini ma’lum qildi.

Qozogʻistonning neft zaxiralari necha yilga yetadi?
Qozog‘istonning “QazMunayGaz” milliy kompaniyasi raisi Asxat Xasenov neft zaxiralari qancha muddatga yetishini ma’lum qildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Xasenovning aytishicha, tasdiqlangan zaxiralar 785 million tonnani tashkil etadi.
“Hisob-kitoblarni soddalashtirish uchun zaxiralarni 800 million tonnagacha yaxlitlaymiz. Agar yiliga 26 million tonna qazib olinsa, bu 45 yildan ortiq vaqtni tashkil etadi”, dedi Xasenov.
U kompaniya o‘z ulushiga ega bo‘lgan har bir konning zaxiralarini texnik va iqtisodiy jihatdan baholashini ta’kidladi. Bu zaxiralar davlat komissiyasi tomonidan ham tasdiqlanadi. Xasenovning so‘zlariga ko‘ra, “QazMunayGaz” geologiya-qidiruv ishlarini davom ettirmoqda va resurs bazasini to‘ldirmoqda.
”Biz burg‘ilaymiz, neft oqimlarini aniqlaymiz va ularni darhol zaxiraga qo‘yamiz. Bu jarayon davom etadi”, dedi u.
Ta’kidlanishicha, bu mamlakatning barcha zaxiralari haqida emas, balki “QazMunayGaz” zaxiralari haqida gap ketmoqda. Fevral oyida Geologiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Qanat Yerubayev foydali qazilmalar davlat balansida 4 milliard tonnadan ortiq neft zaxirasi borligini ma’lum qilgandi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi qazib olish sur’atlari saqlanib qolsa, bu zaxiralar taxminan 50 yilga yetadi.

