Qozogʻistonda uch yoshli qizcha tishlarini davolatganidan keyin komaga tushdi
Pavlodarda uch yoshli qizcha stomatolog qabulidan soʻng reanimatsiyaga tushib qoldi. Yaqinlarining soʻzlariga koʻra, davolash paytida bolada nafas olish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgan, biroq shifokor muolajani toʻxtatmagan. Hozirda qizcha koma holatida. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda. Qarindoshlarining aytishicha, stomatologik davolanish vaqtida qizchaning ahvoli keskin yomonlashgan: uning nigohi oʻzgargan, nafas olishida muammolar paydo boʻlgan. […]

Qozogʻistonda uch yoshli qizcha tish davolanishidan soʻng komaga tushdi
Pavlodarda uch yoshli qizcha stomatolog qabulidan soʻng reanimatsiyaga tushdi. Yaqinlarining taʼkidlashicha, davolash paytida bolaning nafas olishida muammolar boshlangan, ammo shifokor muolajani toʻxtatmagan. Hozirda qizcha koma holatida.
Yaqinlarining soʻzlariga koʻra, stomatologik davolash paytida qizchaning ahvoli keskin yomonlashgan: nigohi oʻzgargan, nafas olishi qiyinlashgan. Nimadir notoʻgʻri ketayotganini payqagan bolaning onasi shifokordan tez yordam chaqirishni soʻragan, biroq, qizchaning xolasi taʼkidlashicha, stomatolog hammasi oʻtib ketishini aytib, davolashni davom ettirgan.
Qarindoshining ijtimoiy tarmoqlarda aytib berishicha, yakunda tez yordamni qoʻshni xonadagi hamshira chaqirgan. Bu vaqtga kelib bola allaqachon hushini yoʻqotgan va ogʻzidan koʻpik kela boshlagan. Ayolning soʻzlariga koʻra, stomatolog hech qanday tibbiy yordam koʻrsatmagan.
Qarindoshi, shuningdek, kasalxonaga ketish yoʻlida qizchaning yuragi toʻxtab qolganini taʼkidlamoqda. Yurakning ikkinchi marta toʻxtashi allaqachon tibbiyot muassasasida yuz bergan.
Pavlodar viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi bolaning ahvoli oʻta ogʻir ekanini tasdiqladi.
«2023 yilda tugʻilgan qizcha 21 oktyabr kuni shifoxonaga oʻta ogʻir ahvolda keltirilgan. U qabul boʻlimini chetlab oʻtib, darhol reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan. Bola oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatiga ulangan, intensiv terapiya oʻtkazilmoqda», — deyiladi muassasa xabarida.
Kelgusi davolash taktikasini belgilash uchun mutaxassislar Milliy onalik va bolalik ilmiy markazi hamda Milliy ilmiy kardioxirurgiya markazi ekspertlari bilan telemeditsina konsultatsiyalarini oʻtkazdilar.
Stomatologiya klinikasi yuz bergan hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun ichki tekshiruv oʻtkazilayotganini maʼlum qildi.
«Tibbiy yordam sifati va bemorlar xavfsizligi klinikaning asosiy ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi. Barcha muolajalar tibbiy protokollarga qaʼtiy muvofiq holda oʻtkaziladi. Hozirda sodir boʻlgan hodisaning xolis holatlari va sabablarini aniqlash uchun rasmiy tekshiruv oʻtkazilmoqda», — deb xabar berdi muassasa vakillari.
Klinika, shuningdek, tekshiruv yakunlangunga qadar xodimlarning aybdorligi toʻgʻrisida xulosa chiqarishga hali erta ekanini taʼkidladi.
Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, yuz bergan hodisa tafsilotlari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻrganilmoqda. Tekshiruv yakunlari boʻyicha huquqiy baho beriladi. shuningdek, klinika davlat buyurtmasi doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatishi qayd etiladi.
Hozirgi vaqtda qizcha reanimatsiyada qolmoqda. Uning ahvoli keskin yomonlashgani holatlari va yuz bergan hodisaning sabablari aniqlanmoqda.

