Qozogʻistonda ilk marotaba bir palatali Qurultoyga saylov oʻtkaziladi
23-avgust kuni Qozogʻistonda yangi konstitutsiya qabul qilinganidan buyon ilk saylov boʻlib oʻtadi - endi fuqarolar mamlakat tarixida birinchi marta, avvalgidek ikki palatali emas, balki bir palatali parlament tarkibini saylashi kerak boʻladi.

Qozogʻistonda birinchi marta bir palatali Qurultoyga saylovlar boʻlib oʻtadi.
Ushbu saylovlarda asosiy siyosiy kuch sifatida, ehtimol, Qozogʻistonning yirik tadbirkorlarini birlashtirgan yangi tashkil etilgan "Adolat" partiyasi maydonga chiqadi. Bu tadbirkorlarning barchasi Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayevning siyosiy yoʻnalishini qoʻllab-quvvatlagan.
Toʻqayevning tushuntirishicha, ikki palatali parlament oʻrniga bir palatali tizimni joriy etish qonun chiqaruvchi organning taʼsirini kuchaytiradi va davlat boshqaruvida "yanada aniq muvozanatni" oʻrnatishga yordam beradi. Parlament tuzilmasini oʻzgartirish 15-mart kuni referendumda qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi matnidagi asosiy qoidalardan biri edi.
Yangi parlament – Qurultoy 145 nafar deputatdan iborat boʻladi. Ular quyi palatada avvalgidek aralash tizim boʻyicha emas, balki faqat partiya roʻyxatlari asosida saylanadi. Mustaqil nomzodlar saylana olmaydi.
Shu sababli, ekspertlarning davlat rahbaridan farqli oʻlaroq, bunday ssenariyda parlamentning roli, aksincha, pasayadi, degan fikrga kelgani ajablanarli emas. Prezident qoʻlida hokimiyatning toʻplanishi esa yuqoriligicha qoladi, chunki yangilangan konstitutsiya unga avvalgi prezidentlik muddatlarini bekor qilish imkonini berdi.
Toʻqayevning oʻzi parlament saylovini "mamlakat hayotidagi eng muhim voqea" deb atadi. "Biz taqdirhal voqealar ostonasida turibmiz. Oldinda bizni juda masʼuliyatli davr kutmoqda", - dedi prezident.

