To‘qayev Nazarboyevga tashqi siyosat masalalari bo‘yicha xalqqa murojaat qilishni taqiqladi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Tashqi siyosat konsepsiyasidan Nursulton Nazarboyevga berilgan umrbod siyosiy huquqni chiqarib tashladi.

To‘qayev Nazarboyevning tashqi siyosat bo‘yicha xalqqa murojaat qilish huquqini bekor qildi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritdi. Ushbu hujjatdan Nursulton Nazarboyevning ichki va tashqi siyosat, shuningdek, davlat xavfsizligi masalalari bo‘yicha tashabbuslar bilan xalqqa murojaat qilishdek umrbod huquqini belgilovchi band olib tashlandi.
Nazarboyevga bunday huquq "tarixiy missiyasi tufayli" davlatning birinchi rahbari sifatida berilgan edi. Bundan tashqari, hujjatning 7-bobi 1-bandida ko‘rsatilganidek, taklif etilgan tashabbuslar tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi lozim edi.
Nursulton Nazarboyev 1991-yildan 2019-yilgacha Qozog‘iston prezidenti lavozimida ishlagan. Lavozimdan ketganidan so‘ng, u millat yetakchisi (Elboshi) unvonini saqlab qolgan edi, bu esa unga umrbod imtiyozlarni ta’minlagan: masalan, ushbu lavozimda va undan keyin birinchi prezident maqomida sodir etgan xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas edi.
Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi 2023-yil boshida, yanvar oyidagi ommaviy tartibsizliklardan so‘ng "Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti - Elboshi to‘g‘risida"gi qonunni bekor qildi. Keyinchalik Nazarboyev va uning yaqin qarindoshlari ko‘plab imtiyozlardan mahrum etildi.

