Qozogʻiston yil oxirigacha QazETA kirishga ruxsat berish tizimining ishlash tartibini belgilaydi

Qozogʻiston yil yakuniga qadar QazETA kirishga ruxsat berish tizimining ishlash tartibini belgilashni rejalashtirmoqda
Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi vizasiz rejimga ega mamlakatlar fuqarolari uchun QazETA elektron kirish ruxsatnomalari tizimining ishlashi boʻyicha aniq qoidalar 2026 yilning oxirigacha yoki 2027 yilning boshida tasdiqlanishini kutmoqda. Bu haqda idora rasmiy vakili Janbolat Usenov maʼlum qildi.
Yangi mexanizmni ishlab chiqish bilan Qozogʻiston Ichki ishlar vazirligi shugʻullanmoqda. TIVning qayd etishicha, yangilik Ostona bilan vizasiz rejim amal qiladigan barcha davlatlar fuqarolariga daxldor boʻladi. Hozirda 50 ga yaqin davlat, jumladan, MDH, Yevropa Ittifoqi va AQSh fuqarolari Qozogʻistonga vizasiz kirish huquqiga ega.
Tizim yaratilishi haqida ilk bor 2026 yilning yozida hukumat qarori loyihasidan maʼlum boʻlgan edi. Hujjatda mexanizmni bosqichma-bosqich joriy etish va elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun toʻlovni differentsiatsiya qilish imkoniyati haqida soʻz borgan. Keyinchalik IIV xorij fuqarolari uchun toʻlov joriy etish masalasi ochiq qolayotgani va bu boʻyicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganiga aniqlik kiritdi.
Hozirgi vaqtda QazETA tizimi pilot rejimida ishlamoqda va oldindan ariza topshirilmagani mamlakatga kirishni rad etish uchun asos boʻlmaydi. Rasmiylar yangilikni joriy etishning keyingi bosqichlari haqida rasmiy manbalar orqali oldindan xabar berishni vaʼda qilmoqda.

