Dunyo

“Qo‘y terisini yopingan bo‘ri”. Nima uchun Ulrix Zigmundni “Germaniyadagi eng xavfli odam” deb atashadi?

'Germaniya uchun alternativa' partiyasining Saksoniya-Anhaltdagi saylovlarda ishonchli g‘alabasini ko‘pchilik uning hududdagi yetakchisi Ulrix Zigmund shaxsiyati va xarizmasi bilan bog‘lamoqda. Xalq orasida va internetdagi mashhurligiga qaramay, tanqidchilar va OAV uni 'Germaniyadagi eng xavfli odam' deb ataydi.

“Qo‘y terisini yopingan bo‘ri”. Nega Ulrix Zigmundni “Germaniyadagi eng xavfli odam” deyishadi?

6-sentabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal parlamenti — landtagga bo‘lib o‘tgan saylov natijalari keng jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. O‘ng qanot radikal “Germaniya uchun alternativa” (AfD) partiyasi 43,8 foiz ovoz bilan ishonchli g‘alabaga erishdi va endi mintaqaviy hukumatni tuzish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur hududda hokimiyatni ushlab turgan Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) esa atigi 17,2 foiz ovoz oldi. Kansler Fridrix Mers saylovlardan keyin Germaniya partiyaviy tizimida “tektonik siljish” yuz berganini aytib, bu AfD tez orada milliy darajada hokimiyatga kelishidan darak berishi mumkinligini taxmin qildi.

Partiyaning saylovdagi hayratlanarli muvaffaqiyatini OAV va tahlilchilar hududdagi yetakchi Ulrix Zigmundning shaxsiyati va xarizmasi bilan ham bog‘lamoqda. Gazeta uning internetdagi mashhurligi, siyosatga kirib kelishi va qarashlari haqida “Meduza” nashri e’lon qilgan maqolaning tarjimasini taqdim etadi.

Ulrix Zigmund 1990-yil oktabrida — GDR GFR tarkibiga qaytganidan va Germaniya birlashuvi yakunlanganidan atigi uch hafta o‘tib tug‘ilgan. Uning ota-onasi haqida ko‘p narsa ma’lum emas: faqat otasi AfDdan parlament a’zosi Tomas Korella huzurida ma’muriy lavozimda ishlashi, onasi esa 2019-yilda baxtsiz hodisada vafot etgani ma’lum.

Otasining lavozimi bilan bog‘liq bir muammo bor. 2026-yil boshida kichik Zigmund otasini partiyadoshining yoniga ishga “joylashtirib qo‘ygani” uchun qarindosh-urug‘chilikda ayblandi. U bunga javoban partiyasiga yaxshi xodimlar topish qiyinligini, chunki uning barcha a’zolari raqiblar va ommaviy axborot vositalari tomonidan hujum va tamg‘alashlarga uchrayotganini aytdi.

Ulrixning bolaligi Berlindan taxminan 100 kilometr g‘arbda joylashgan, 10 mingga yaqin aholisi bor xushmanzara o‘rta asr shahri Tangermundda o‘tgan.

Zigmund yoshligida siyosatchi bo‘lishni rejalashtirmagan. U ulgurji savdo va eksportga ixtisoslashgan tijorat bilim yurtini tamomlagan. 2011-yilda Ulrix Berlinga ko‘chib o‘tdi va oftalmologiya klinikasining marketing bo‘limida ishlay boshladi. Klinikada uch yil ishlagach, binolarni xushbo‘ylantiruvchi vositalar sotishga ixtisoslashgan o‘zining Reima AirConcept kompaniyasiga asos soldi.

Shu bilan birga, Zigmund Gamburgdagi Yevropa sirtqi oliy ta’lim maktabini tamomlab, biznes-psixologiyasi bo‘yicha mutaxassis bo‘ldi. Uning diplom ishi korxonalar hidlar yordamida xaridorlarning xohish-istaklariga ongsiz ravishda qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga bag‘ishlangan edi.

2010-yillarning o‘rtalarida Zigmund biznesdan uzoqlashib, siyosatga qiziqa boshladi. O‘smirlik chog‘idayoq u o‘sha paytdagi Germaniya kansleri Angela Merkel boshchiligidagi konservativ o‘ng markazchi partiya — Xristian-demokratik ittifoqqa (XDI) a’zo bo‘lgan edi. Zigmund XDIda olti yil ishladi, biroq 2014-yilda u biroz avvalroq tashkil etilgan “Germaniya uchun alternativa” partiyasiga o‘tdi. Ikki yil o‘tib, 26 yoshida u Saksoniya-Anxalt parlamentida AfDdan o‘rin egalladi. Zigmundning saylovoldi dasturining asosi, ko‘pchilik partiyadoshlari kabi, Merkel hukumatining migratsiya siyosatini tanqid qilishdan iborat edi.

Nega Zigmund XDIdan AfDga o‘tib ketdi? Versiyalardan biriga ko‘ra, u mamlakatning eng yirik partiyasidagi o‘ta kuchli raqobat tufayli XDI elitasiga kira olmasligini tushunib yetgan va shu sababli ketishga qaror qilgan. Zigmundning o‘zi esa bu qarorini Merkel partiyasi olib borayotgan va inqirozga yuz tutgan yevrohudud mamlakatlarini, xususan Gretsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi “yevroni qutqarish” siyosatidan noroziligi bilan izohlagan.

Zigmund 2020-yillarning boshlarida — COVID-19 pandemiyasi davrida partiyadagi faoliyatidan tashqarida mashhurlikka erishdi. O‘shanda u ijtimoiy tarmoqlarda karantin cheklovlariga qarshi roliklar chiqara boshladi. Xususan, u majburiy vaksinatsiya va jamoat joylarida niqob taqish talabini “aqlsizlik” deb atagan. Roliklar qisqa vaqt ichida millionlab marta ko‘rildi va yosh siyosatchini sodiq elektorat bilan ta’minladi.

Cheklovlar bekor qilinganidan keyin ham Zigmund ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishda davom etdi — masalan, o‘z kampaniyasining “treyler”larini joylab bordi. Bu videolarda Zigmund mototsiklda mamlakat bo‘ylab kezadi, tarafdorlari bilan uchrashadi yoki rafiqasi va qizi bilan vaqt o‘tkazadi. Zigmundning istisnosiz barcha chiqishlari uning ijtimoiy tarmoqlarida yoki YouTube’da jonli efirda namoyish etiladi.

Internetdagi imijiga e’tibor qaratishi bilan u hatto partiyadoshlari orasida ham ajralib turadi: uning barcha videolari tomoshabop tarzda montaj qilingan va barcha postlariga mashhur qo‘shiqlar biriktirilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqligi va faolligi tufayli Zigmundni ommaviy axborot vositalarida AfDning “kulib turgan yuzi” deb atashdi. Hozirda uning Instagram’da 750 ming, TikTok’da deyarli bir million obunachisi bor.

Ulrix Zigmund rafiqasi Yuliya bilan saylov kuni. 2026-yil 6-sentabr.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, saylovchilar Zigmundga pop-yulduzdek munosabatda bo‘lishadi — undan futbolkalar, kurtkalar, telefon g‘iloflari, banknotalar, jurnal sonlari va muqovasida surati tushirilgan gazeta nusxalarini imzolashni so‘rashadi. Keyinchalik bu gazeta va jurnallarni hatto internetda sotishadi — ba’zan 1000 yevrodan ham qimmatroqqa. AfD tarafdorlaridan biri, Zigmundga kansler lavozimini bashorat qilgan 66 yoshli Frank Ville hatto uni yangi Kennedi deb atagan.

“Ulining sehri mana shunda, — deydi Zigmund haqida uning partiyadoshi va Saksoniya-Anxalt parlamenti a’zosi Xans-Tomas Tilshnayder. — U biror joyda paydo bo‘lishi bilan odamlar o‘zlarini yaxshiroq his qila boshlashadi. Odamlar uning yonida o‘zlarini yaxshi his qilishadi, buni tushuntirib bo‘lmaydi”.

Yosh siyosatchi dasturining o‘zagi hamon migratsiya qoidalarini kuchaytirish va noqonuniy qochqinlarni tezroq deportatsiya qilishga chaqiriqlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Biroq bu tanqidchilar Zigmund va AfDni radikalizmda ayblaydigan yagona jihat emas.

Le Monde nashrining Germaniyadagi muxbiri va surishtiruvchi jurnalist Elza Konesaning so‘zlariga ko‘ra, Saksoniya-Anxaltdagi “Alternativa” dasturi partiyaning barcha mintaqaviy bo‘limlari orasida eng shafqatsiz dasturlardan biri hisoblanadi. Xususan, unda partiya hokimiyatga kelgan taqdirda, rasmiy maqomga ega bo‘lmagan immigrantlar va qochqinlarni deportatsiya qilishni tezlashtirish, boshpana so‘rovchilarni jamoat ishlarini bajarishga majbur qilish hamda maktablarda qochqinlarning bolalari uchun maxsus sinflar tashkil etish zarurligi aytiladi. Shuningdek, maktablar o‘quvchilarda “erkak va ayoldan iborat normal oila obrazini shakllantirishga”, “bolalarni xalqqa va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga” hamda “kamalakrang bayroqni emas”, milliy bayroqni ko‘tarishga majbur qilinadi.

AfD rejasiga ko‘ra, mintaqaviy hukumat Saksoniya-Anxalt tarixini targ‘ib qilishi va uning Germaniya imperiyasidagi roli haqida so‘zlab berishi kerak bo‘ladi. Mahalliy televideniye, ta’lim dasturlari va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash dasturlarini budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish to‘xtatiladi. Bundan tashqari, Zigmund boshchiligidagi AfD mintaqaviy bo‘limi kovid pandemiyasiga qarshi “nomutanosib qat’iy choralar”ni joriy qilganlarni “aniqlash va javobgarlikka tortish” maqsadida ularni tergov qiluvchi maxsus komissiya tuzishni rejalashtirmoqda.

“Zigmund — qo‘y terisini yopingan bo‘ri, — deya ta’kidlaydi siyosatchining XDIdagi raqibi Sven Chekalla. — Maftunkor tabassumli yosh va xushbichim inson ortida u mansub bo‘lgan o‘ta o‘ng partiyaning radikal qarashlari yashiringan. Ko‘pchilik buni anglamaydi, chunki juda kamdan-kam odamgina nomzodlarning dasturi bilan yaqindan tanishib chiqadi. Uning kampaniyasi TikTok’dagi 30 soniyalik videolardan iborat edi. Va tasavvurga ega bo‘lish uchun ko‘pchilikka shuning o‘zi yetarli bo‘ldi”.

Tanqidchilar Zigmundni Gitler Germaniyasiga xayrixohlikda ayblamoqda. Masalan, u fashistlarning Sieg Heil shiori ohangida uning ismini hayqirib aytgan o‘z tarafdorlarini qoralashdan bosh tortdi. Die Welt nashri muxbirlari esa Zigmundning to‘rt nafar maslahatchisi ilgari 2009-yilda Germaniya federal hukumati tomonidan taqiqlangan va qisman gitleryugend tamoyillariga asoslangan “Vatanparvar nemis yoshlari” ekstremistik va neonatsistik tashkilotiga a’zo bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Zigmundning yana bir safdoshi Sebastyan Shmidtke ilgari Germaniya Milliy-demokratik partiyasini (2023-yilda o‘z nomini “Vatan”ga o‘zgartirgan) boshqargan. Bu partiyani bir qator siyosatshunoslar NSDAPning mafkuraviy vorisi va reyx qulaganidan keyingi eng yirik natsist partiyasi sifatida ta’riflaydi. Shmidtkening o‘zi bir necha bor nafrat qo‘zg‘atishda aybdor deb topilgan va boshqa neonatsist tashkilotlarga a’zo bo‘lgan.

2023-yilda Zigmund bir necha partiyadoshlari bilan Potsdamdagi Adlon villasida neonatsistlarning yashirin uchrashuvida qatnashdi, u yerda XDI o‘ng qanoti va bir nechta o‘ng radikal guruhlar vakillari ham ishtirok etgan edi. Uchrashuvda avstriyalik radikal va identaristik harakat yetakchilaridan biri Martin Zellner muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasini taqdim etdi.

2024-yil yanvar oyida surishtiruvchi jurnalistlar bu yig‘ilish tafsilotlarini fosh qilganida, uning ishtirokchilariga qarshi ommaviy noroziliklar boshlandi. Norozilar bosimi ostida Zigmund Saksoniya-Anxalt landtagidagi mehnat, ijtimoiy masalalar, sog‘liqni saqlash va tenglik qo‘mitasi rahbari lavozimidan chetlashtirildi. Biroq u o‘zi uzr so‘ramadi va uchrashuvdagi ishtiroki u yerda bildirilgan g‘oyalarga qo‘shilishini anglatmasligini ta’kidladi.

Bu voqealarning barchasi va ekstremistlar bilan aloqalar Zigmundning saylovchilar orasidagi nufuziga ta’sir ko‘rsatmadi. Ba’zi siyosatshunoslar buni AfD anchadan beri asosiy ommaviy axborot vositalariga ishonchsizlikni o‘z mafkurasining bir qismiga aylantirgani bilan bog‘laydilar. Shu sababli, “Alternativa” yetakchilaridan biri neonatsistlar bilan aloqada yoki o‘ng radikal qarashlarda ayblanganida, Zigmund va uning partiyadoshlari buni raqiblar tashviqotiga to‘nkab qo‘yishi oson.

Siyosatchining hatto tanqidiy materiallarni ham o‘z foydasiga burish mahorati ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, 2026-yil avgust oyida Der Spiegel nashri u haqida “Germaniyadagi eng xavfli odam” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilganidan so‘ng, Zigmund hazillashib, agar uning partiyasi mintaqaviy saylovlarda 46 foiz ovoz to‘plasa, bunday PR uchun nashrga qancha to‘laganini aytishini ma’lum qildi.

Zigmundning o‘ng radikal siyosatchilar bilan aloqalari va partiyaviy mansubligiga qaramay, ba’zi ekspertlarning fikricha, uning o‘zini e’tiqodiga ko‘ra radikal deb hisoblash qiyin. Nemis siyosatshunosi Yoxannes Xillening so‘zlariga ko‘ra, Zigmund ko‘proq opportunist bo‘lib, Germaniyadagi o‘ng g‘oyalarning yuksalishidan o‘z karerasini ko‘tarish uchun foydalanadi.

“Uning kuchli tomoni shundaki, u AfDning boshqa rahbarlaridan farq qiladi, — deya tushuntiradi Xille. — U shunchaki migratsiyaga qarshi chiqib, salbiy fikrlarni tarqatmaydi. U ijobiy gapirishni biladi va unda strategik qarash deb atash mumkin bo‘lgan xususiyat bor. U AfDga milliy miqyosda yetishmayotgan narsani: odamlarni ruhlantiradigan xarizmatik yetakchilikni o‘zida mujassam etadi. U konservator niqobidagi o‘ngchi populist”.

2026-yil 25-avgust.

Biroq, birinchi navbatda Germaniyaning gullab-yashnashidan manfaatdor bo‘lgan ijobiy va tinchliksevar siyosatchi qiyofasiga qaramay, Zigmund allaqachon o‘zining murosasizligini namoyish etib bo‘ldi. Saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, AfD parlamentda mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, u boshqa partiyalar bilan koalitsiya tuzishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Zigmund, ayniqsa, XDI bilan ehtimoliy hamkorlik borasida keskin fikr bildirdi.

“XDI ochiq chegaralar, fuqarolikka qabul qilish va gender siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi Zigmund o‘z faoliyatini boshlagan partiya haqida. — Bularning barchasi Germaniyani hozirgi holatiga olib keldi. Men bunday odamlar bilan birga Germaniyani qutqara olmayman”.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.