Qoraqalpog‘istonda “karbon kredit” mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi

Qoraqalpog‘istonda “karbon kredit” mexanizmi joriy etiladi
Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida havoga chiqariladigan issiqxona gazlarini kamaytirish dolzarb masala ekani qayd etildi.
“Yashil” energiyani “karbon kredit”ga aylantirish Qoraqalpog‘istonga yiliga kamida 50-100 mln dollar daromad keltirishi mumkin.
Mutasaddilarga bir oy ichida Qoraqalpog‘istonda “karbon kredit” mexanizmini yo‘lga qo‘yish, Yaponiya, Koreya, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya kabi yirik importyor davlatlar bilan muzokaralar olib borish topshirildi.
“Karbon kredit” eksportidan olinadigan mablag‘lar infratuzilma uchun ajratilayotgan mablag‘larga qo‘shimcha bo‘ladi va Qoraqalpog‘istonning o‘zida qoladi.
Yirik xorijiy kompaniyalar “o‘rmon karbon krediti” tizimi orqali ekologik vaziyati og‘ir hududlarda daraxt ekishni moliyalashtirish bo‘yicha takliflar bermoqda.
Yil oxirigacha Orolning 50 ming gektar maydonida “o‘rmon karbon krediti” dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston hududining atigi 20 foizida geologiya ishlari olib borilgan. Yirik investorlar kelayotgan bir paytda xomashyo zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Xitoylik investor Qorao‘zakdagi “Urusoy” koniga 33 mln dollar sarmoya va texnologiya olib kirib, 200 gektarda 4 tonna oltin zaxirasini aniqlagan. Bu yerda 320 ta ish o‘rni yaratilgan.
Bir oyda investorlar ko‘targan masalalarni hal qilib, 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish hamda konlar zaxiralarini qayta baholash topshirildi.
Qo‘ng‘irotdagi “Borsa kelmas” konidan har yili 1 mln tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. Bo‘zatovdagi “Kuskanatau” konida mirabilitni qayta ishlab, yiliga 45 ming tonna natriy sulfat, astraxanitdan esa magniy sulfat olish mumkin.
Germaniya kompaniyasi Beruniydagi kvarsit koniga 30 mln dollar kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarish va yiliga 25 mln dollarlik eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Jahon bozorida bir tonna kristall kremniy 5,5 ming dollar turadi.
Kimyo sanoati mutasaddilariga dastlabki 400 mln dollarlik rejaga qo‘shimcha 200 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 5 ming ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.

