Qoraqalpogʻistonda yangi gaz-kondensat koni ochildi. Video

Qoraqalpogʻistonda yangi gaz-kondensat koni aniqlandi. Video
Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida yangi «Qoratov» gaz-kondensat koni aniqlandi. Ustyurtning markaziy qismida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida tabiiy gaz va kondensatning sanoat miqyosidagi oqimi olindi.
Mutaxassislar «Qoratov» maydonidagi birinchi qidiruv qudugʻini 4 860 metr chuqurlikkacha burgʻiladilar. 3 oktyabr kuni 3 213 metrdan 3 273 metrgacha boʻlgan chuqurlikdagi quyi yura yotqiziqlarini sinash jarayonida uglevodorodlarning sanoat miqyosidagi oqimi qayd etildi, bu esa yangi kon ochilganini rasman tasdiqladi.
Zahiralarni aniqlashtirish va tuzilmasini oʻrganish maqsadida yil yakuniga qadar ikkinchi qidiruv qudugʻini burgʻilashni yakunlash, shuningdek, uchinchi va toʻrtinchi qidiruv-razvedka quduqlarini qazishni boshlash rejalashtirilgan.
Olingan natijalar Ustyurt mintaqasidagi chuqur joylashgan qatlamlarni keyinchalik oʻrganish uchun yangi istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash imkonini beradi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida avariyaviy quduqni tugatish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Murakkab texnik-texnologik operatsiyalarni amalga oshirish uchun Xitoyning CNPC korporatsiyasi mutaxassislari jalb etilgan.

