Qonunni buzgan IIO xodimlari nega omma oldida uzr so‘ramaydi? IIV izohi
9 oyda IIO xodimlari faoliyatiga oid tarmoqlarda tarqalgan 18 ta holat o‘z tasdig‘i topgan. IIV rahbariyati ishtirokidagi tadbirda qonunni buzgan xodimlar nega omma oldida uzr so‘ramasligi bo‘yicha savol berildi. 'Ommaviy ravishda uzr so‘rash jazo turiga kiritilmagan', — dedi vazirlik vakili.

Qonunni buzgan IIO xodimlari nega omma oldida uzr so‘ramaydi? IIVning izohi
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida qidiruvdagi qariyb 8 ming nafar shaxs qo‘lga olindi, bedarak yo‘qolgan 4863 kishi esa oilalariga qaytarildi. Bu haqda 9-oktabr kuni Kontent tayyorlash markazida IIV rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Ramazon Ashrapovning aytishicha, hisobot davrida ayrim turdagi jinoyatlar kamaygan. Ya’ni yanvar-sentabr oylarida oldini olish mumkin bo‘lgan 24 828 ta jinoyat qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4021 taga kam.
Xususan, yoshlar ishtirokidagi jinoyatlar 24 foizga, ayollar jinoyati 20,7 foizga, ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 21,1 foizga kamaygan. Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar 5,5 foizga, mast holda sodir etilgan jinoyatlar 5,4 foizga, muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 8 foizga qisqargan.
“To‘qqiz oyda mamlakatimiz hududida xodimlarning tashabbusi bilan 31 917 ta jinoyat aniqlanib, mazkur amaliyot 31,2 foizga yaxshilandi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq 13 293 ta jinoyat aniqlangan. Noqonuniy muomaladan 3 tonna 357 kilogramm giyohvandlik vositalari olib qo‘yilgan, giyohvandlik vositalari yetishtirilayotgan 17 120 kvadrat metr maydondagi o‘simliklar yo‘q qilingan. Shuningdek, nazorat ostidagi 2 million 773 ming dona dori vositasining aholi orasida tarqalishining oldi olingan.
Tezkor tadbirlar davomida narkotik moddalar ishlab chiqaruvchi 19 ta noqonuniy laboratoriya aniqlangan. Bundan tashqari, 122 ta uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 5264 ta jinoyat qayd etilgan. Shundan 2585 tasi qo‘shmachilik, 165 tasi odam savdosi, 1450 tasi noqonuniy qurol bilan bog‘liq. Ma’muriy nazorat qoidalarini buzishga oid 790 ta holat ham aniqlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida 6293 ta jinoyat fosh etilgan. Ularning 1441 tasi pora olish yoki berish, 2166 tasi talon-toroj qilish va o‘zlashtirish, 387 tasi noqonuniy valyuta operatsiyalari, 1603 tasi firibgarlik bilan bog‘liq.
“Tezkor xizmatlarimiz tomonidan avval sodir etilib, fosh qilinmagan 20 mingdan ortiq jinoyat fosh etildi”, — dedi Ashrapov.
Uning ma’lum qilishicha, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan qariyb 8 ming nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan. Turli sabablarga ko‘ra bedarak yo‘qolgan 4863 nafar shaxs oilalariga qaytarilgan. Hisobot davrida terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq 1404 ta jinoyat aniqlanib, qonuniy choralar ko‘rilgan.
Mansur Qodirovning aytishicha, joriy yilda “Ikkinchi imkoniyat” loyihasi doirasida jazo muddatini o‘tayotgan 350 nafar mahkum zamonaviy kasb-hunar va chet tillariga o‘qitilmoqda.
“Tarbiya koloniyasidagi 17 nafar tarbiyalanuvchi masofaviy ta’lim asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Ular turli OTMlarda belgilangan tartibda tahsil olmoqda”, — dedi Qodirov.
Rahimjon Naimovning aytishicha, hozirda ko‘proq oilaviy-maishiy nizolar va mayda bezorilik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar kuzatilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oiladagi kelishmovchiliklar, er-xotin o‘rtasidagi ishonchsizlik va shubhalar nizolarga sabab bo‘lmoqda. Bunday holatlarning oldini olish uchun profilaktika inspektorlari oilalardagi vaziyatni o‘rganib, er-xotin, qaynona-kelin va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi muammolarni barvaqt aniqlashga harakat qilmoqda.
“To‘qqiz oyda ayollarga 200 mingga yaqin himoya orderi berganmiz”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, jamoat joylaridagi kelishmovchiliklar ham ba’zan huquqbuzarlik va jinoyatlarga olib kelmoqda. Masalan, yo‘lda boshqa haydovchiga yo‘l bermaslik ortidan haqorat va janjal kelib chiqishi mumkin.
“Ko‘chada birovga nisbatan hurmatsizlik qilish, yo‘l bermaslik oqibatida mashinadan tushib, boshqa fuqaroni haqorat qilish holatlari jinoyatgacha olib boryapti”, — dedi u.
Bunday holatlarning oldini olish uchun patrul-post xizmati xodimlari aholi gavjum joylarda patrullikni kuchaytirgan. Profilaktika inspektorlari bozorlar, istirohat bog‘lari va boshqa jamoat joylarida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlardan biri qoidabuzar fuqarolarning omma oldida uzr so‘rashi aks etgan videolar tarqatilishi, biroq qonunni buzgan IIV xodimlariga nisbatan ko‘rilgan choralar ochiqlanmasligi yuzasidan izoh so‘radi. Xususan, yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda haydovchilarni asossiz jazolashda ayblanayotgan YHXX xodimlariga nisbatan qanday choralar ko‘rilishi haqida savol berildi.
Saxipjamol Joldasovaning aytishicha, xodimning xatti-harakatlarida qonun talablari buzilgani aniqlansa, xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.
“Ommaviy ravishda uzr so‘rash intizomiy yoki boshqa jazo turiga kirmagani sababli, biz bunday amaliyotni yo‘lga qo‘ymaganmiz”, — dedi Joldasova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, qoidabuzarlikning og‘irligiga qarab tegishli intizomiy chora qo‘llanadi. Agar harakatlarda jinoyat alomatlari aniqlansa, materiallar prokuraturaga yuboriladi. Zarur hollarda masala sudda ham ko‘rib chiqiladi.
Joldasova yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining fuqarolar bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilayotganini aytdi.
“Tashqi xizmat xodimlarining blogerlar bilan ishlashi, kutilmaganda savol berilganda javob qaytarishi bo‘yicha ham o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan”, — dedi u.
Shohruh G‘iyosovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning to‘qqiz oyida ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq 245 ta salbiy xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
“Shundan bor-yo‘g‘i 18 ta holatda, ya’ni 7 foizida xodimlarimiz haqiqatan ham noo‘rin xatti-harakat qilgan”, — dedi G‘iyosov.
Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda voqeaning faqat bir qismi aks etishi mumkin. Ayrim fuqarolar yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun chora ko‘rilgach, xodimlarni tasvirga olib, videolarni salbiy talqinda tarqatadi.
G‘iyosov xodimning kamera qarshisida savollarga javob bera olmay qolishini hamisha qoidabuzarlik belgisi sifatida baholash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.
“Xodim to‘satdan kamera qarshisida savollarga duch kelganda tutilishi va nima deyishni bilmay qolishi mumkin. Bu — psixologik holat. Buning o‘zi xodim aybdorligini anglatmaydi”, — dedi u.
Ozodbek Jo‘raboyevning aytishicha, vazirlik fuqarolarni omma oldida uzr so‘rashga majburlamaydi. Bunday videolar, uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilikning qoidabuzarlik uchun qanday chora ko‘rilgani haqidagi savollariga javob berish maqsadida tarqatiladi.
“Hech kimni uzr so‘rattirib olib chiqmaymiz”, — dedi Jo‘raboyev.
Uning tushuntirishicha, qilmishidan pushaymon bo‘lish jazo tayinlashda inobatga olinishi mumkin. Shu bois fuqaroning o‘z xohishi bilan uzr so‘rashi jazo belgilash jarayonida ahamiyat kasb etadi.
Jo‘raboyev xodimlarga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida ijtimoiy tarmoqlarda alohida xabar berilmagani ularning xatti-harakatlari tekshirilmayapti, degani emasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun rasmiylashtirilgan bayonnoma yakuniy qaror hisoblanmaydi. Hujjat keyingi bosqichlarda ko‘rib chiqiladi. Agar unda kamchiliklar aniqlansa, bayonnoma qaytarilishi va xodimning harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi mumkin. Fuqaro xodimning harakatlaridan norozi bo‘lsa, masala sudda ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
“Siz buni ko‘rmadingiz degani, bu yerda ish ketmayapti degani emas. Har bir holat tahlil qilinadi”, — dedi Jo‘raboyev.
Uning ta’kidlashicha, vazirlik har bir xodimga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida alohida xabar berib borish imkoniyatiga ega emas. Biroq har bir holat tegishli tartibda ko‘rib chiqiladi.

