IIV yig‘ilishi: olti mansabdor ishdan olindi
O‘nga yaqin IIB rahbari esa tegishli tartibda rag‘batlantiriladi.

IIV Hay’at yig‘ilishi: olti mansabdor ishdan bo‘shatildi
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov raisligida o‘tkazilgan Hay’at yig‘ilishida 2026-yilning dastlabki olti oyida Respublika hududidagi kriminogen vaziyat, xususan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar muhokama qilindi.
Joriy yilda jami 125 387 ta siyosiy, madaniy, sport va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilib, ularda 70 milliondan ortiq fuqaroning xavfsizligi ta’minlandi. Hisobot davrida 5 778 ta (64 foiz) mahallada jinoyat sodir etilishining oldi olindi.
Shu bilan birga, 476 ta mahalla "qizil" toifada qolayotgani qattiq tanqid qilindi.
Sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 5 010 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olinib, ularning keyingi jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Yashash joyidan chiqib ketgan va bedarak yo‘qolgan 2 616 nafar shaxs qisqa muddatda topilib, xavfli vaziyatlarning oldi olindi va ular oilalari bag‘riga qaytarildi.
O‘tgan olti oy davomida respublika hududidagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli 6 nafar shahar va tuman ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2 nafar o‘rinbosari hamda 2 nafar viloyat ichki ishlar boshqarmalarining mas’ul rahbari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, 7 nafar rahbar qattiq intizomiy jazoga tortildi, 3 nafar rahbarning lavozimida qolish yoki qolmaslik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hay’at qarori qabul qilindi.
Reyting natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan va jinoyatlarni aniqlashda tashabbus ko‘rsatib, eng yaxshi natijalarga erishgan Toshkent viloyati (birinchi o‘rin), Samarqand viloyati (ikkinchi o‘rin) va Farg‘ona viloyati (uchinchi o‘rin) ichki ishlar boshqarmalari rahbarlarini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritildi. Shuningdek, Navoiy viloyatining Karmana, Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on, Farg‘ona viloyatining Quva, Toshkent shahrining Yunusobod, Namangan viloyatining Namangan, Buxoro viloyatining Jondor, Toshkent viloyatining Piskent hamda Jizzax viloyatining Yangiobod tumanlari IIB rahbarlarini ham rag‘batlantirish taklif etildi.

