Mahalliy

Qonunchilikdagi kamchiliklar tufayli bir oila kvartirasidan ayrilish xavfi ostida qoldi. Va bunday oilalar anchagina boʻlishi mumkin

Qonun va barcha tartib-qoidalarga muvofiq sotib olingan hamda rasmiylashtirilgan xonadon tortib olinish xavfi ostida qolishi mumkinmi? Maʼlum boʻlishicha, mumkin ekan. Anton Goryayev oilasi bilan aynan shunday vaziyatga tushib qoldi. Va bunday oilalar anchagina boʻlishi mumkin. «Uyga kelasan-u, bolalarning koʻziga qarolmaysan», — deydi u.

Qonunchilikdagi boʻshliqlar tufayli bir oila kvartirasiz qolish xavfi ostida. Va bunday oilalar anchagina boʻlishi mumkin

38 yoshli toshkentlik

Anton Goryayev rafiqasi va ikki farzandi bilan birga, oʻtgan yili sotib olingan kvartirasidan ayrilib qolishi mumkin. Bunga qonuniy ravishda sotib olingan uy-joyga toʻsatdan taqiq qoʻyilgani va chet elda yashovchi merosxoʻr paydo boʻlgani sabab boʻlgan. Bu bunday vaziyatga duch kelayotgan birinchi oila emas va xabarlarga qaraganda, bunday oilalar anchagina boʻlishi mumkin.

Iyun oyida Daryo nashri Toshkentning boshqa bir sokini — shahar markazidan kvartira sotib olib, taʼmirlab, oilasi bilan koʻchib oʻtgan Furqat Nurmuhammedov haqida yozgan edi. Biroq tez orada Rossiyadagi merosxoʻr nomidan ish yurituvchi riyeltor paydo boʻlgan va sud merosxoʻrning kvartiraga boʻlgan huquqini tan olgan.

Bu kabi ishlarning holatlari va ularda ishtirok etuvchi shaxslar yaxshi oʻylangan sxemalar mavjudligidan dalolat berishi mumkin. Natijada, uy-joyni halol va yuridik protseduralarga toʻliq muvofiq ravishda sotib olgan fuqarolar sud qarori bilan unga nisbatan huquqqa ega emas deb topilmoqda va koʻchada qolish xavfi ostida qolmoqda. Oʻz tarixini ommaviy ravishda aytib berishga majbur boʻlgan Anton Goryayev davlat uning va shunday vaziyatga tushib qolganlarning huquqlarini himoya qila olishidan umidvor.

Men Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiman. Koʻp yillar chet elda ishladim, mehnat migranti boʻldim. Boʻlajak rafiqamni ham chet elda uchratdim, Oʻzbekistonga kelishga koʻndirdim. Unga bu yer juda yoqib qoldi. Mana sakkiz yildirki birga yashaymiz, nikohni shu yerda qayd etganmiz. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandimiz bor.

Oilaviy sharoit tufayli bizda shaxsiy uy-joyga juda katta ehtiyoj paydo boʻldi. Uzoq qidirdik, men OLX saytida imkoniyatlarimiz va joylashuviga mos keladigan variantlarni doimiy ravishda kuzatib bordim. 2025 yil iyul oyining boshida mos keladigan variant topdim. Bu yakshanba kuni edi. Eʼlon joylashtirgan shaxsga qoʻngʻiroq qildim va dushanba, 7 iyul kuniga kelishib oldik. Ertalab, ishdan oldin, kvartirani koʻrishga bordim. U yerda oʻzini Sergey deb tanishtirgan riyeltor bor ekan.

Kvartira Dagʻiston (hozirgi Muhammad Yusuf — tahr.) koʻchasida, «Gorkiy» («Buyuk ipak yoʻli») metrosi yaqinida joylashgan edi. U juda ayanchli ahvolda, xalq tili bilan aytganda, «xaroba» edi, taʼmirsiz, hamma narsani boshidan qilish kerak edi. Narxi — 56 ming dollar — bozordagidan bir oz yuqori edi. Sergey narxni tushirishni qatʼiyan rad etdi.

Men: «Yaxshi, oʻylab koʻraman, rafiqam bilan maslahatlashaman», dedim. Ishdan xotinimga qoʻngʻiroq qildim. Uzoq muhokama qildik, oʻyladik. Hayotiy sharoitlar siqib kelayotgani sababli sotib olishga qaror qildik. Bizga bir oz mablagʻ yetmayotgandi. Mart oyida otamdan meros qolgan kvartirani, yagona uyimni sotgan edim. Jamgʻarmalarimizga bir oz qarz olib, ushbu kvartirani sotib olishimiz mumkin edi.

Biz avval barcha hujjatlarni tekshirib, keyingina zakalat berishga qaror qildik. Riyeltorga qoʻngʻiroq qildim, u hujjatlar joyida va tayyor ekanligini aytdi. Tushlik vaqtida ishdan javob soʻrab, kvartirada Sergey bilan uchrashdim.

Kvartira merosiy boʻlib chiqdi, kadastr merosxoʻr — ismi Zlatoslava — nomiga rasmiylashtirilgan edi. Notarius tomonidan berilgan meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma bor edi. Unda QR-kod bor edi, u tekshirildi, hammasi tasdiqlandi. Riyeltorning aytishicha, 2022 yilda mulkdor vafot etgan, merosxoʻr esa chet el fuqarosi boʻlib, Rossiyada yashaydi.

Oʻsha 2022 yilda bir guruh shaxslar Artem ismli shaxs orqali, egasining vafoti haqidagi soxta hujjatlar bilan kvartiraga meros huquqini rasmiylashtirishgan, biroq uni sotishga ulgurishmagan. Bu guruh aʼzolari sudlangan.

Sergey menga 2025 yildagi sud qarorini koʻrsatdi, unga koʻra kvartiraga boʻlgan huquq Zlatoslavaga tegishli edi. Sud qaroridan keyin notarius unga meros huquqi toʻgʻrisida guvohnoma bergan.

Men shunday xulosaga keldim: modomiki kvartirani sud ham, notarius ham tekshirgan ekan, demak, u bilan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan barcha narsa sodir boʻlib boʻlgan. Barcha instantsiyalar va tekshiruvlardan oʻtilgan. Biz zakalat berishimga kelishib oldik. Tilxat imzoladik. Merosxoʻr Rossiyada yashagani sababli, mening shartim notarius huzurida u bilan videoaloqa orqali bogʻlanish, hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish, uning haqiqatan ham borligiga, Sergeyga berilgan ishonchnomadan xabardorligiga, biz uning kvartirasini sotib olishimizga va hokazolarga ishonch hosil qilish edi. U rozi boʻldi.

Men oʻzimiz yashaydigan joyga yaqin boʻlgan notariusga borishni taklif qildim. Ammo Sergey kvartirani tarixini allaqachon tekshirgan va tegishli ravishda sotishdan oldin uni yana bir bor tekshiradigan notariusni taklif qildi. Uning gaplari ishonarli tuyuldi. Riyeltor pasporti nusxasiga 300 dollar zakalat olganini yozib, kvartiraning umumiy qiymatini koʻrsatdi. Ikki kundan keyin notariusda uchrashishga kelishdik.

8 iyul kuni qoʻshnilar bilan tanishish uchun ataylab kvartirani oʻziga bordim. Bolalarimiz bor, shuning uchun joy xavfsiz, qoʻshnilar esa yaxshi ekanligiga ishonch hosil qilmoqchi edim. Qoʻshnilar, uy boshligʻi bilan tanishib, kvartiraning tarixini soʻradim. U va qoʻshnilar bu yerda Svetlana ismli ayol yashaganini tasdiqlashdi. Va u hayotlik chogʻida haqiqatan ham Rossiyada togʻasi yoki amakivachchasi borligini aytganini bildirishdi. Bu merosxoʻrning tarixiga mos kelardi, u avval kvartiraga boʻlgan huquq otasiga, u vafot etgach esa oʻziga oʻtganini aytgandi. Hamma narsa tasdiqlandi, shubhalar tarqadi. Hovli yopiq, tinch, yashil va bolalarni qoʻrqmasdan sayr qilishga qoʻyib yuborish mumkinligi bizga juda maʼqul keldi.

Sir emaski, har qanday mamlakatda aksariyat odamlar yetarlicha huquqiy savodxonlikka ega emas, shuning uchun davlat tomonidan muayyan harakatlar va himoya tartibi belgilangan. Kvartira sotib olayotganingizda, notariusga borasiz, barcha hujjatlarni olib kelasiz, u hammasini tekshiradi va bitim xavfsiz ekanligi, kvartirada hech qanday taqiqlar, cheklovlar va roʻyxatda turgan odamlar yoʻqligi haqida qaror chiqaradi. Agar ular boʻlsa, notarius buni maʼlum qiladi. Men bu tizim ishlashiga amin edim.

Notariusga keldik, riyeltor bilan uchrashdik, hammasini muhokama qildik. Narx masalasi kelganda, Sergeyning oʻzi taklif qildi: pullarni qanday sanayotganimni videoga olasiz, men tilxat yozaman, Zlatoslavaga videoaloqa orqali qoʻngʻiroq qilamiz. Notarius huzuriga kirdik. Men videoaloqa orqali qoʻngʻiroq qilish shartini aytdim. U eʼtiroz bildirmadi.

Men notariusdan yana bir bor soʻradim: «Kvartirada hech qanday cheklovlar yoʻqmi, u yerda 2022 yilda firibgarlar uni egallab olmoqchi boʻlgan, ular sudlangan degan tarix bor ekan». U: «Yoʻq, men hammasini tekshirdim», deb javob berdi. Meros ishi boʻyicha ham xuddi shunday dedi: «Hammasini oʻz zimmamizga olamiz, berilgan har bir hujjat uchun boshimiz bilan javob beramiz».

Bundan keyin hech qanday shubha qolmadi. Shartnoma imzolanishi paytida mening nazarimda kvartira uch marta tekshirilgan edi. Merosxoʻr bilan videoaloqa orqali gaplashdik. Riyeltor pullarni videoyozuv ostida sanab oldi. Videoda men pul olgan bank cheki koʻrinib turibdi (300 dollar chegirilgan holda 56 ming dollar), ular vakuumli oʻramda edi.

Notarius tekshiruvidan va merosxoʻrga qoʻngʻiroq qilinganidan keyin, yaʼni barcha tekshiruvlardan soʻng, men riyeltorning bitimning kadastr qiymatini 56 ming dollar emas, balki 93 mln soʻm deb koʻrsatish taklifiga rozi boʻldim. Hamma biladiki, merosiy kvartiralar shunday sotiladi, chunki toʻliq qiymati koʻrsatilsa, sotuvchi katta miqdorda soliq toʻlashi kerak boʻlardi.

Shartnoma imzolanganidan koʻp oʻtmay, kvartirani kadastrda rasmiylashtirdim, unga roʻyxatga tushdik. Xullas, barcha davlat organlari barcha ruxsatnomalarni berishdi.

Men bitim yakunlandi, hammasi tamom boʻldi deb hisobladim. Kvartira bilan shugʻullanishni boshladim.

Hovlida gaz sizib chiqishi bor ekan, qoʻshnilar bu anchadan beri davom etayotganini aytishdi. Biz bu sizib chiqishni bartaraf etdik. Keyin bevosita taʼmirlashga kirishdim.

Taxminan uch haftadan soʻng kommunal xizmatlar uchun toʻlov qilish masalasi paydo boʻldi. Menga: «My.Gov.uz saytiga kir, u yerda hamma narsani topasan», deyishdi. Kirdim, boʻlimlarni — roʻyxatdan oʻtish, taqiq va hokazolarni koʻra boshladim. Va tasodifan ushbu kvartiraga qoʻyilgan taqiqni koʻrib qoldim. Juda hayron boʻldim. Kimdir Aziz ismli shaxs ushbu kvartiraga notarial taqiq qoʻygan ekan.

Nima boʻlayotganini aniqlashtira boshladim. Notariusga bordim va u Aziz boshqa notarius orqali kvartiraga taqiq qoʻyganini tasdiqladi. Yanada chuqurroq oʻrgana boshladim. Riyeltor hech narsa bilmasligini, unda hamma narsa toza ekanligini aytdi.

Tarixni oʻrganib, Aziz — oʻsha 2022 yilda kvartirani sotish maqsadida egallab olmoqchi boʻlgan ishda ishtirok etgan, shubhali obroʻga ega (buni dadil ayta olaman) riyeltor ekanligini bildim.

Avvaliga u uchta gumonlanuvchidan biri boʻlgan (ular orasida kvartira egasi, marhum Svetlana Kuzminaning goʻyoki oʻgʻli sifatida soxta hujjatlar tayyorlangan Artem ham bor edi). Keyin Aziz guvohga aylangan.

Artem tergovda yolgʻiz boʻlmaganini va undan foydalanishganini yashirmagan boʻlsa-da, hammasini oʻz boʻyniga olishga rozi boʻlgani sababli, u oldindan til biriktirgan bir guruh shaxslar moddasi bilan sudlanmagan — bu ogʻir modda boʻlib, jazo muddatlari ham yuqori boʻlardi. U oʻz aybiga iqror boʻlgani va tergov bilan hamkorlik qilganini hisobga olib, ancha yengilroq, jazo muddatlari ancha past boʻlgan modda boʻyicha oʻtgan.

Azizda bir nechta sudlanganlik bor boʻlib chiqdi: 2017 yilda — firibgarlik va pora berish ayblovi bilan, keyinroq — yana firibgarlik, shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirish, egallash yoki yoʻq qilish, kompyuter axborotini modifikatsiya qilish boʻyicha. Biz kvartirani sotib olishimizdan oldin u qamoqda boʻlgan — 2023 yil aprelidan boshlab. U 2025 yil 1 iyulda ozodlikka chiqqan, taqiqni esa 29 iyulda, men sotib olganimdan 20 kun oʻtib qoʻygan.

2022 yilga qaytadigan boʻlsak, Artem nomiga hujjatlar soxtalashtirilgan payt. Bu avgust oyida sodir boʻlgan, dekabrda esa sud qarori bilan u soxta merosxoʻr, haqiqiysi esa — u ham RFda yashovchi Andrey deb topilgan. 2023 yil yanvarida Andrey nomidan advokat kvartiradan taqiqni olib tashlash toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi kiritgan. Fevralda u taqiqni olib tashlash toʻgʻrisida sud qarorini olgan. Biroq keyinchalik Andrey huquqni oʻz nomiga rasmiylashtirish uchun hech qanday harakat qilmagan. Qaror belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan, kadastr rasmiylashtirilmagan. Buni na ishonchnoma asosida ish yurituvchi riyeltor Aziz, na ularning advokati — yaʼni bunga huquqi boʻlgan uchchala shaxs ham qilmagan.

Aziz Andreydan kvartira uchun bosh ishonchnoma sotib olganini (yaʼni uning nomidan ish yuritishi va kvartirani oʻz xohishiga koʻra tasarruf etishi mumkinligini) maʼlum qildi. Shu bilan birga, sudda ikkalasi bosh ishonchnomani sotib olish boʻyicha turli xil summalarni aytishdi. Sotib olinganligi haqida biror bir tilxat taqdim etishmadi.

Kvartira amalda 2025 yil may oyigacha, Zlatoslava kvartira egasi bilan qarindoshligini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etib, sudga murojaat qilguniga qadar Artem nomida qolavergan. Sud qarorini olgach, u notariusda meros huquqini rasmiylashtirgan va kvartirani meros huquqi asosida oʻz nomiga roʻyxatdan oʻtkazgan.

Sudlardan birida Azizga nima uchun 2022 yildan beri kvartirani sotish huquqini amalga oshirmagani haqida savol berilganda, u 2023 yildan beri boshqa davlatda biznes-xizmat safarida boʻlganini aytdi. Biz advokat bilan JIEDga soʻrov yubordik va uning huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, avvalgi ishlar boʻyicha sudlangani haqida javob oldik. Uning ism-sharifini OAVlarimiz saytlaridan topish mumkin.

Shu yozda boʻlib oʻtgan birinchi instantsiya sudida yutqazdik. Andrey nomidan riyeltor Aziz advokat bilan birga Zlatoslavaning meros huquqini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritishdi. Natijada sud oldi-sotdi shartnomasini, demak, mening kvartiraga boʻlgan mulk huquqimni ham haqiqiy emas deb topdi.

Hozirgi vaziyat shundayki, biz oilamiz bilan u yerda yashayapmiz, roʻyxatdan oʻtganmiz, imkoniyatimiz darajasida taʼmirladik. Boradigan joyimiz yoʻq, boshqa mulkimiz ham yoʻq. Tabiiyki, boshqa uy sotib olishga imkoniyatimiz ham yoʻq.

Yana bir muhim jihat bor: oddiy fuqarolar bilmaydigan, ammo koʻp yillik tajribaga ega advokatlar biladigan protsessual normalar mavjud. Sizga nisbatan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritilganda, sizda oʻzingizni halol sotib oluvchi deb topish toʻgʻrisida qarshi daʼvo arizasi kiritish uchun faqat bitta imkoniyat boʻladi — birinchi instantsiya sudida.

Men ikkita advokat yollagan edim. Ikkalasi ham obroʻli, tajribali, yaʼni bu tizimda yangi emas. Va bu advokatlar juda gʻalati tarzda ushbu qarshi daʼvo arizasini kiritishmadi, balki buni keyinchalik alohida daʼvo arizasi bilan qilish mumkinligini aytishdi.

Keyinchalik bir nechta boshqa advokatlarga maslahat soʻrab murojaat qilganimda, ularning har biri: «Nima uchun birinchi instantsiya sudining oxirgi majlisida qarshi daʼvo arizasi kiritmadingiz? Sizda yagona imkoniyat bor edi va siz uni qoʻldan boy berdingiz», deyishdi.

Furqat Nurmuhammedovning vaziyati bilan solishtirganda, unda ham xuddi shunday gʻalati tarzda advokat birinchi instantsiya sudida qarshi daʼvo arizasi kiritmagan. Yana bir qiziq jihati, merosxoʻrlar tomonining advokati — bizniki bilan bir xil shaxs. Men, albatta, hech kimni ayblay olmayman, lekin rozi boʻling, har qanday odamda shubha paydo boʻladi.

Bugungi kunda men yangi advokat yolladim, biz oʻz huquqimizni himoya qilishga harakat qilyapmiz, lekin advokat imkoniyatlar juda kamligini ochiq aytmoqda.

Kvartira sotib olish uchun qarz olganimizdan tashqari, taʼmirlash uchun ham qarzga botdik. Hozir esa, ushbu sud jarayonlari davom etayotgan bir paytda, qoʻshimcha xarajatlarga ham koʻp vaqt va pul ketmoqda. Men pullarni qaytarish boʻyicha shaxsiy majburiyat bilan asta-sekin qarz olyapman.

Hozir oʻgʻlimning sport toʻgaragini, suzishni qisqartirdik, chunki toʻgʻrisini aytganda, qiyin boʻlyapti. Maktabga tayyorgarlik koʻryapmiz. Xonada u uchun sharoit yaratish kerak — javonli stol, bu ham pul talab qiladi.

Toʻgʻrisini aytsam, shunday vaziyatdamanki, baʼzida uyga kelib, bolalarning koʻziga qaray olmayman, chunki ertaga, xudo koʻrsatmasin, uydan chiqarib yuborishadi deb oʻylayman. Xotinimning ham koʻziga qaray olmayman: u menga ishonib, men bilan Oʻzbekistonga keldi. Men uni sud adolatni tiklashi kerakligiga, qonunlar ishlashiga ishontiryapman. Men oxirigacha kurashish niyatidaman, lekin yakunda nima boʻlishini bilmayman.

Xulosa qilib aytganda, hatto pullarni naqd emas, balki yangi tizim boʻyicha eskrou-hisobvaraq orqali oʻtkazish fakti ham ushbu sxemada sotib oluvchini qutqara olmaydi — sotib olingandan soʻng, kvartira sotilgan hujjatlar sud orqali haqiqiy emas deb topiladi va u olib qoʻyiladi. Qonunchilikda insofsiz odamlar foydalanishi mumkin boʻlgan tizimli muammolar va boʻshliqlar mavjud boʻlib, turli vaziyatlarda halol sotib oluvchilarni himoya qilishning yetarli, yetuk va dolzarb tahdidlarga mos keladigan usuli mavjud emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.