Qirg‘izistonda yoshlarni teatr va muzeylarga majburiy borishga o‘tkazish taklif qilindi

Qirg‘izistonda yoshlarni teatr va muzeylarga majburiy borishga o‘tkazish taklif etildi
Qirg‘izistonda maktab o‘quvchilari va talabalarning teatr, filarmoniya hamda muzeylarga majburiy borishini nazarda tutuvchi abonement tizimini joriy etish taklif qilindi.
Loyihaga ko‘ra, har bir o‘quvchi va talaba bir yil davomida teatr-tomosha muassasalaridagi spektakl yoki konsertlarga ikki marta, muzeylarga esa ikki marta borishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa bir kishi uchun yiliga jami to‘rtta madaniy tashrif belgilanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, teatr yoki filarmoniyaga bir marta borish uchun o‘rtacha 300 som ajratiladi. Yiliga ikki tashrif uchun bu 600 somni tashkil etadi. Muzeyga ikki marta borish uchun esa yana 200 som — har bir tashrifga 100 somdan mablag‘ ko‘zda tutilgan. Time.kg nashriga ko‘ra, davlat bir o‘quvchi yoki talaba uchun yiliga 800 som sarflashi rejalashtirilmoqda.
“Dastur 1 mln 536 ming 633 nafar maktab o‘quvchisi, 187 ming nafar oliygoh talabalari hamda 98 ming nafar o‘rta maxsus ta’lim muassasasi talabasini qamrab olishi kutilmoqda. Jami bir yillik xarajat qariyb 1,46 mlrd som bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Madaniy muassasalarga tashrif o‘quvchi va talabalar uchun bepul bo‘lishi rejalashtirilgan. Xarajatlar har yili respublika byudjetidan qoplanadi. Mablag‘larni Maorif vazirligi hamda Fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi ajratadi.
Vazirliklar teatr va muzeylarga borganlar ro‘yxati asosida hisob yuritadi. Pul madaniyat muassasalarining hisob raqamiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazilishi yoki raqamli mexanizmlar orqali o‘quvchi va talabalarga ajratilishi mumkin. Loyihani amalga oshirishga “Elkart” to‘lov tizimini boshqaruvchi tashkilot ham jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tashabbus mualliflari yoshlar orasida internet va elektron o‘yinlarga qaramlik kuchayib borayotganini uni joriy etish sabablaridan biri sifatida keltirgan. Dastur orqali yoshlarni muzey, dramatik va qo‘g‘irchoq teatri, musiqa, opera, balet hamda sirk san’atiga jalb qilish maqsad qilingan.

