Qirg‘izistonda niqob taqqanlik uchun jarima ikki baravar kamaytiriladi
Qonun loyihasi tibbiy niqoblardan foydalanishga ham taalluqli. Agar u tibbiy sabablarga ko‘ra taqilsa, jarimaga sabab bo‘lmaydi. Xorijliklarga esa dastlab faqatgina ogohlantirish beriladi.

Qirg‘izistonda niqob taqqanlik uchun jarima ikki baravar qisqartiriladi
Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Keneshga jamoat joylarida yuzni to‘liq yopib yurish uchun belgilangan jarimani 20 ming somdan 10 ming somga tushirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Taklifga binoan, Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 127-1-moddasiga o‘zgartish kiritiladi. Mazkur modda davlat muassasalari va jamoat joylarida yuzga niqob taqqanlik uchun javobgarlikni belgilaydi. Amaldagi qonunchilikda bu huquqbuzarlik uchun 20 ming som jarima belgilangan. Hujjat mualliflari esa uni 10 ming somga kamaytirishni taklif qilmoqda.
Xorijliklar uchun yengillik beriladi
Asosiy o‘zgarishlardan biri xorijiy fuqarolarga tegishli. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, yuzni to‘liq berkitish taqiqini birinchi marta buzgan xorijliklarga jarima o‘rniga faqat ogohlantirish beriladi. Agar huquqbuzarlik ogohlantirishdan keyin bir yil ichida takrorlansa, unda 10 ming som miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, xorijliklar qonunda ko‘zda tutilgan hollarda shaxsini tasdiqlash uchun yuzini vaqtincha ochishga majbur bo‘ladi. Qonun mualliflari bu tashabbusni mamlakatga kelayotgan ayrim turistlar madaniyatida yuzni berkitib yurish odati borligi bilan izohlagan.
“Ba’zi tashrif buyuruvchilarning amaldagi cheklovlar haqida yetarli darajada xabardor emasligi huquqbuzarlikka olib kelishi mumkin. Ularga birdaniga jarima solish esa safar haqida salbiy taassurot uyg‘otadi”, deyiladi tushuntirish xatida.
Tashabbuskorlar fikricha, ogohlantirish chorasi chet elliklarga moliyaviy yuk tushirmasdan, Qirg‘iziston qonunchiligi talablarini tushuntirishga yordam beradi.
Tibbiy niqoblar bo‘yicha tartib va istisnolar
Qonun loyihasida tibbiy niqoblardan foydalanish masalasi ham aniqlashtirilgan. Qirg‘izistonda muomalaga ruxsat berilgan va tibbiy buyum sifatida tan olingan tibbiy niqoblardan foydalangan shaxslarga, agar ularning harakatida huquqbuzarlik alomatlari bo‘lsa, jarima o‘rniga ogohlantirish berilishi taklif etilmoqda. Bir yil ichida qoidabuzarlik takrorlansa, 10 ming som jarima qo‘llaniladi.
Tushuntirilishicha, og‘iz va burunni yopib turadigan oddiy tibbiy niqob taqib yurishning o‘zi huquqbuzarlik hisoblanmaydi. Agar niqob tibbiy ko‘rsatkichlar asosida taqilgan bo‘lsa, hech qanday javobgarlik bo‘lmaydi.
Kam ta’minlangan oilalar va profilaktika tadbirlari
Hujjat mualliflarining ta’kidlashicha, amaldagi 20 ming somlik jarima, ayniqsa, kam ta’minlangan fuqarolar uchun og‘ir moliyaviy yuk hisoblanadi. Bu miqdor oilaning birinchi darajali ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mablag‘larga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hujjatda O‘sh shahri misol qilib keltirilgan. 2025-yil aprel oyida O‘sh shahrida militsiya xodimlari yuzini to‘liq berkitib olgan 300 ga yaqin shaxsni aniqlagan. O‘shanda huquq-tartibot xodimlari jarima solmasdan, tushuntirish ishlari olib borgan, axborot bukletlarini tarqatgan va ogohlantirish bilan cheklangan.
Tashabbus mualliflari birdaniga yirik jarimalar qo‘llashdan ko‘ra, ogohlantirish va profilaktika choralari samaraliroq bo‘ladi, deb hisoblamoqda. Shu bilan birga, davlat muassasalari va jamoat joylarida yuzni to‘liq yopib yurish taqiqini bekor qilish bo‘yicha takliflar yo‘q. Tibbiy sabablar, xizmat vazifalari, sport, madaniy va boshqa tadbirlar uchun nazarda tutilgan istisnolar o‘z kuchida qoladi.

