Qirg‘iziston 50 yil ichida o‘rmonlarining qariyb 90 foizini yo‘qotdi

Qirg‘iziston 50 yil ichida o‘rmonlarining qariyb 90 foizidan ayrildi
Qirg‘iziston so‘nggi 50 yil davomida o‘rmon maydonlarining taxminan 90 foizini yo‘qotgan. Bu ma’lumot mamlakatning 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy moslashish rejasiga kiritilgan. Hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi.
Hujjat mualliflari bu masala faqat ekologik muammo emasligini ta’kidlashadi. O‘rmonlarning kamayishi sel va ko‘chkilar xavfini bevosita oshiradi. Bundan tashqari, u suv havzalari holatini yomonlashtiradi hamda yo‘llar, ko‘priklar va qishloq xo‘jaligi yerlariga yetadigan zararni ko‘paytiradi.
Hujjatda o‘rmonlar va tog‘ ekotizimlari davlatning tabiiy infratuzilmasi sifatida tariflangan. Ular tog‘lardan keladigan suv oqimini tartibga soladi va kuchli yog‘ingarchilikning vayronkor ta’sirini kamaytiradi.
Hukumat 2035-yilgacha inqirozga uchragan kamida 150 ming gektar suv havzasi va o‘rmon maydonlarini qayta tiklash yoki barqarorlashtirishni rejalashtirmoqda. Yana bir maqsad — asosiy suv havzalarining kamida 60 foizini daraxtzorlashtirish, tog‘ yonbag‘rini mustahkamlash va boshqa tabiatni muhofaza qilish tadbirlari bilan qamrab olishdir.
Bundan tashqari, sel va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda yangi inshootlar qurishda atrofdagi ekotizimlarning holatini hisobga olish tavsiya etilmoqda. Bunday hududlardagi yangi obyekt ekotizim buferini baholamasdan loyihalashtirilmasligi kerak.
Shuningdek, 2035-yilgacha zaif tog‘ va o‘rmon ekotizimlarining kamida 80 foizini monitoring bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan. Muhim hududlarda ekotizimni tiklash bo‘yicha kamida 40 ta namoyish maydonchasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

