Qirğizistonda viloyat va tumanlar tugatilib, örniga aymoqlar taşkil etiladi
Qirğizistonda maʼmuriy-hududiy tuzilmani özgartirişning ikkinçi bosqiçi boşlanmoqda. Rejaga köra, mamlakatdagi 7 ta viloyat va 40 ta tuman örniga yirikroq aymoqlar taşkil etiladi.

Qirğizistonda barcha viloyat va tumanlar bekor qilinib, ularning o‘rnida aymoqlar tashkil etiladi. Bu haqda Davlat xizmati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish ishlari bo‘yicha davlat agentligi direktori Elçibek Jantayevga tayanib, Kaktus.media xabar berdi.
Hozirda Qirğiziston yettita viloyatga bo‘lingan bo‘lib, ularda 40 ta tuman va 34 ta shahar bor.
«Tumandan katta, lekin viloyatdan kichik bo‘lgan aymoqlar tashkil etiladi. Qirğizistonda 40 ta tuman emas, balki 20 dan ortiq aymoq bo‘ladi. Har bir viloyatning o‘z salohiyati bor. Masalan, Issiqköl viloyatini janub va shimolga ajratish mumkin. Jalolobod va O‘sh viloyatlarida kichik tumanlar hamda rivojlanish salohiyatiga ega tumanlar mavjud. Ular shu tamoyil asosida birlashtiriladi va so‘ngra aymoqlarga bo‘linadi», - dedi Jantayev.
Aymoqlarga bo‘linish Qirğizistonda maʼmuriy-hududiy islohotning ikkinchi bosqichiga o‘tishni anglatadi. Birinchi bosqich 2023-yilda boshlangan edi. Uning doirasida ayrim tumanlarning chegaralari o‘zgartirildi, bir qator aholi punktlari esa shaharlar tarkibiga kiritildi.
2026-yil aprel oyida mamlakat prezidenti Sadir Japarov islohot haqida eʼlon qilar ekan, yangi tizimni butun mamlakat bo‘ylab joriy etishdan oldin uni sinovdan o‘tkazish va maromiga yetkazish maqsadida dastlab sinov tariqasida tajriba aymog‘ini tashkil etish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgan edi.
«Bir, ikki, uch yil davomida uning qanday ishlashini kuzatamiz: o‘zini o‘zi mustaqil boshqara oladimi, respublika byudjeti dotatsiyasidan chiqa oladimi yoki yo‘qmi, shuni ko‘ramiz. Agar barchasi muvaffaqiyatli o‘tsa, u holda viloyat va tumanlarni tugatib, okruglar tizimiga o‘tamiz», - dedi prezident.

