“Qimorni reklama qilishga majbur bo‘lganmiz”. “Benom” guruhi a’zolari eng katta xatosi va shaxsiy hayotini sir tutishi haqida

“Qimorni reklama qilishga majbur bo‘lganmiz”. “Benom” guruhi a’zolari eng katta xatosi va shaxsiy hayotini sir tutishi haqida
“Yog‘adi yomg‘ir”, “So‘ngi bor”, “Adashdimmi”, “Eslamading”, “Yoningdaman” kabi yuzlab taronalari bilan muxlislar e’tiboriga tushgan “Benom” guruhi a’zolari Sarvar Azimov va Komil Fozilov “Ayol qalbi” loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida ular tortishuvlari, oilasi hamda shu kungacha yo‘l qo‘ygan eng katta xatosi haqida gapirdi.
Ayrim musiqiy guruhlar mashhurlikka erishgach, pul, ustunlik yoki mehnatni teng taqsimlay olmaslik kabi sabablarni vaj qilib, tarqalib ketadi. “Benom” guruhi yigitlari ham hech tortishib turadimi?
Eng og‘ir holat — ofisda faqat ikkalamiz qolgan payt edi. Ijodga oid bir mavzuda kelisholmay, shunaqangi yoqalashib ketdik. Kuchimiz qolmaguncha to‘xtamadik. Shu darajada urishganmizki, mebellar qon bo‘lib ketgan. Yoshmiz, bizni ajratib oladigan, “urishmanglar” deydigan odam yo‘q. O‘zimizga kelib, jahldan tushib, bir-birimizga qarab kulib yuborganmiz. Aslida, tortishuvlardan keyin odamlar yanada yaqinlashib ketadi, chunki yig‘ilib qolgan alamlar chiqib ketadi, deydi guruh a’zolari.
“Oilamizni ommaga oshkor qilishni xohlamaymiz”
— Oshkor qilishni istamaydigan mavzularimiz ko‘p. Masalan, qancha mablag‘ topishim yoki uni qancha sarflashim haqidagi savollarni yoqtirmayman, deydi Sarvar.
— Men esa san’atkorning shaxsiy hududi bo‘lishi va bu hududga oid masalalar haqida undan so‘ralmasligi kerak, deb hisoblayman, deydi Komil Fozilov.
— Shaxsiy hayotini ommaga oshkor qilishi ortidan uning yaqinlari aziyat chekadigan holatlar ham bo‘ladi. Masalan, aka-opalarimiz yoki ukalarimiz bizning ortimizdan jabr tortishini xohlamaymiz. Biror joyda oilamiz haqida gapirsak, ertaga aka-ukalarimizning tanishlari ularga “Shu sening akang ekan-ku, olib kel”, deyishi mumkin.
Ijodni boshlaganimizga 16 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt mobaynida bunday holatlarni ko‘p ko‘rganman. Shuning uchun oila — biz uchun shaxsiy hudud. Uni hech qachon ommaga ko‘z-ko‘z qilmaymiz, deydi Sarvar Azimov.
“Qimor ekanini bilmay, reklama qilib qo‘yganmiz”
— Hayot bizga eng og‘ir, ammo eng qimmatli saboqlardan birini bergan. Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar endigina rivojlanayotgan paytda bizga bir reklama taklifi tushdi. Juda katta pul evaziga shartnoma tuzdik. Biz ham “Bor kuchimizni ijodga qaratsak, to‘ylarga chiqmasak ham, mashhurligimiz ortidan shunday reklamalar kelishi mumkin ekan-da”, deb rosa xursand bo‘ldik.
Bizga bu sayt sport sayti deb tushuntirilgandi. O‘sha saytni reklama qildik. Keyin esa unda qimor o‘yinlari borligini bilib qoldik. Ya’ni odamlar pul tikib, o‘yin natijasini oldindan taxmin qiladi va natijaga qarab pul yutishi yoki yutqazishi mumkin. Xohlaydimi-yo‘qmi, ayrim odamlar hayajonga berilib, bor pulini tikib yuborishi ham mumkin.
Shundan keyin shartnomani to‘xtatmoqchi bo‘ldik. Ammo kelishuvda bir nechta video chiqarib berish sharti bor edi, biz esa endigina shartnomaning yarmiga kelgandik. Eng yomoni, agar shartnomani buzsak, olgan pulimizning o‘n baravarini to‘lashimiz kerak ekan. Xullas, chuv tushib qolganmiz.
Oxir-oqibat, ming xijolat bilan shartnomada ko‘rsatilgan reklamalar sonini tugatib oldik. Lekin o‘sha paytlarda har kuni ijtimoiy tarmoqlardan yangiliklarni o‘qisam, “Kimdir katta qarzga botib, o‘z joniga qasd qilibdi”, “Kimdir uy olish uchun yig‘gan pulini qimorga tikib yuboribdi” kabi xabarlarga ko‘zim tushardi.
Garchi bunday reklamalarni faqat biz emas, boshqa insonlar ham qilgan bo‘lsa-da, Komil ikkimiz o‘zimizni aybdordek his qilardik. Qaniydi, shu holatni ijod yo‘limizdan o‘chirib tashlay olsak, deydi Sarvar Azimov.

