Qashqadaryoda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan qutqaruvchining oilasiga 3 xonali uy berildi

Qashqadaryoda xizmat burchini ado etayotganda vafot etgan qutqaruvchining oilasiga uch xonali uy berildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan FVV xodimi oddiy askar Eldor Omonturdiyevning oilasiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida yangi uy sovg‘a qilingan.
Marhum qutqaruvchining xotirasiga hurmat bajo keltirilib, uning oilasiga barcha sharoitlarga ega uch xonali uy ajratildi. Yangi xonadon kalitini Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yuz bergan yong‘inda FVV qutqaruvchisi kapitan Boburmirzo Pardayev insonlar hayotini qutqarish chog‘ida halok bo‘lgani xabar qilingandi. Shuningdek, 22-avgust kuni xizmat vaqtida halok bo‘lgan olti nafar ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar va Milliy gvardiya xodimlari “Jasorat” medali bilan taqdirlangan edi.

