Qarshida operatsiyadan so‘ng 21 yoshli qiz vafot etdi
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Qarshi shahrida jarrohlik amaliyotidan keyin yosh qiz vafot etgani yuzasidan

Qarshida operatsiyadan keyin 21 yoshli qiz vafot etdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida 21 yoshli qiz muvaffaqiyatsiz jarrohlik amaliyoti oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Boshqarmaning bildirishicha, 2005-yilda tug‘ilgan L.M. 14-oktyabr kuni «gipofiz adenomasi» tashxisi bilan Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasining neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Bemorni bir necha yil davomida nafas olish qiyinlashishi, bo‘y o‘sishining orqada qolishi, qo‘l va oyoq barmoqlarining yo‘g‘onlashishi kabi belgilar bezovta qilib kelgan. Tekshiruvlarda uning gipofiz bezida katta hajmdagi o‘sma aniqlangan. Gormonal tahlillar esa o‘sish gormoni me’yordan ancha yuqori ekanini ko‘rsatgan.
16-oktyabr kuni poytaxtdan kelgan mutaxassis ishtirokida bemorning gipofiz bezidagi o‘sma burun orqali endoskopik usulda olib tashlangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, operatsiyadan so‘ng bemor shifokorlar nazoratida bo‘lgan. 19-oktyabr kuni o‘tkazilgan tekshiruvda hech qanday asorat aniqlanmagan.
Ammo 20-oktyabr kuni qizning ahvoli keskin yomonlashgan. Unda qon bosimining oshishi, hush, nafas olish va yurak faoliyatining buzilishi qayd etilgan.
Shifokorlar tomonidan intensiv davolash choralari ko‘rilgan bo‘lsa-da, 26-oktyabr kuni bemor vafot etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
Ayni paytda bemorning o‘limiga aynan jarrohlik amaliyotidagi xato sabab bo‘lgani rasman tasdiqlanmagan.

