Qanot
«Qishloqqa kam kelasan, qancha to‘ylarda osh yemading», deya avvaliga meni o‘xshatib mehmon qildi. Keyin xuddi

**Qanot**
Gazetalarimizdan birida qanoti bor otlar haqida o‘qib qoldim. Ko‘plar qatori men ham uchar otlar, shamolni ortda qoldiruvchi tulporlar, chavandozning bir hamlasi bilan ko‘kka ko‘tarilib bulutlar ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘ladigan sehrli duldullar to‘g‘risida ko‘p o‘qiganman.
Bir paytlar toqqa yaqin qishlog‘imizda uyur-uyur yilqilar bo‘lardi. Yilqiboqarlarga yordam berib, otlarni sug‘organi olib borganimizda, beixtiyor o‘zimizni o‘sha uchar duldullar ustida ketayotgandek sezardik, xayolan O‘ng‘ortog‘dan oshib, biz uchun hali ochilmagan qanchadan-qancha o‘lkalarni ko‘rib qaytardik.
Ertak kitoblardagi uchar otlarni ayting. Qo‘y-qo‘zilarni Takavoytepa, Mo‘nchoqtepaga yoyib, o‘zimiz sahifalari sarg‘ayib, muqovalari titilib ketgan kitoblarni qo‘ynimizdan chiqarardik-da, o‘qishga kirishardik. Ot aralashmagan ertak bo‘lmasdi. Ot chavandozni taniydi, adashib qolsa, uyiga eltadi, yo‘lda yirtqichlarning hujumidan asraydi, ofatni oldindan sezib, quloqlarini dikkaytiradi, qarovini joyiga qo‘ymasangiz arazlaydi, yem yemay qo‘yadi. Vaqti-soati yetib, pichoqqa tortiladigan bo‘lsa, taqdirini his etib, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kadi.
Qanotli otlar borligiga men ham ishonganman. Yoshligimdan ishonib kelganman. Qishlog‘imizning mashhur chavandozi Solivoy uloqchi — umrini ot ustida o‘tkazgan, ne-ne ko‘pkarilarda to‘dani yorib chiqadigan tog‘amiz mening savolimga:
— «E, jiyan, uchar otlar bo‘lgan, ko‘proq qadim zamonlarda bo‘lgan», deb javob berganlar. Keyinroq ot desa ko‘zlari yonib ketadigan Eshon chavandozdan ham so‘raganman. Hammalari «Ha, bo‘lgan», deyishgan. Lekin hech kim: «Men ko‘rganman», demagan.
Talabalik yillarimda qishloqqa borib, Murodxon ismli yigitning to‘yi ustidan chiqib qoldim. Biz tomonlarda sunnat to‘ylari qirchillama qishda, qor tizzaga uray deb qolganda bo‘ladi. Boqilgan ot so‘yiladi, go‘shti katta qozonda pishirilib, nahorda elga sho‘rva tortiladi.
Murodxonning to‘yida sho‘rvaga nonni endi bo‘ktirayotgan edim, maktabdosh do‘stlarimdan biri «Mirzajon bakovul seni so‘rayapti», deb qoldi. Mirzajon deganimiz otga, ovga berilgan, yilda ot boqib so‘ymasa, qazili joyini ichakka joylamasa ko‘ngli o‘rniga tushmaydigan yigit. Yoshligida ertak kitoblardan boshini ko‘tarmasdi. Meni so‘rayotgan bo‘lsa, hoynahoy bir ishi bordir-da, deb sho‘rvani ichib bo‘lgach, to‘yxona yerto‘lasiga tushdim.
Qarasam, Mirzajon pishgan go‘shtni, qazini yaproq-yaproq qilib kesyapti. «Qishloqqa kam kelasan, qancha to‘ylarda osh yemading», deya avvaliga meni o‘xshatib mehmon qildi. Keyin xuddi boshqalar eshitsa bo‘lmaydiganday, qulog‘imga asta shivirladi:
– So‘qimga so‘yilgan otning qanoti bor ekan...
U shunday deya yerto‘laning yog‘och ustuniga osib qo‘yilgan otning o‘pkasiga ishora qildi. Odatda, to‘y o‘tib bo‘lgach, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdon, to‘yda xizmat qilganlar yig‘ilishib «kalla soldi» marosimini o‘tkazishadi. O‘sha marosimda so‘qimning o‘pkasi somsaga tushadi. Qarasam, ikkala pallasining ostida bittadan o‘simta osilib turibdi. Uzunligi bir qarichdan mo‘l.
– Qanot deganlari mana shu bo‘ladi, – dedi Mirzajon o‘simtani ko‘rsatib. – Bunday otlar nafas olganda, o‘pkadan o‘sib chiqqan mana shu o‘simtalarning ichi ham havoga to‘ladi. Shuning hisobiga ot yanada chuqur nafas oladi, shamolday yelib chopadi...
Keyinchalik bu voqeani bir-ikki joyda aytib bergan edim, ot ishqibozlari «E, yo‘q, qanotli otlar boshqa bo‘ladi» deyishmadi. Yana kim biladi, deysiz...

