Qalin kiyintirmaslik va antibiotiklar bilan toʻydirmaslik. Sogʻliqni saqlash vazirligi bolalarni OʻRVI va grippdan qanday himoya qilish kerakligini maʼlum qildi

Qalin kiyintirmaslik va antibiotiklar bilan toʻydirib tashlamaslik. Sogʻliqni saqlash vazirligi bolalarni OʻRVI va grippdan qanday himoya qilish kerakligini maʼlum qildi
Kuz kelishi bilan bolalar OʻRVI va grippga tez-tez chalinadi, shu bois ota-onalar uchun nafaqat profilaktika choralariga rioya qilish, balki kasallangan bolaga toʻgʻri gʻamxoʻrlik qilish ham muhimdir. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi kasallanish ehtimolini qanday kamaytirish, qaysi belgilar kuchaytirilgan eʼtiborni talab qilishi va nima uchun virusli infektsiyalarda oʻzboshimchalik bilan antibiotiklar bermaslik kerakligini tushuntirdi.
Kuzda viruslar tarqalishi uchun sharoitlar qulayroq boʻladi. Salqin ob-havo tufayli deraza va eshiklar tez-tez yopiq qoladi, xonalar kamroq shamollatiladi, bolalar esa maktab va bogʻchalarda doimiy ravishda bir-birlari bilan muloqotda boʻlishadi.
Kasallanish xavfini kamaytirish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi bolani yoshligidan qoʻllarini sovunlab muntazam yuvishga, kasallanganlar bilan yaqin muloqotdan qochishga va ob-havoga qarab kiyinishga oʻrgatishni tavsiya qiladi. Shamollashning dastlabki belgilari paydo boʻlganda, bolani uyda qoldirgan maʼqul — bu uning sogʻayishiga yordam beradi va atrofdagilarning kasallanish xavfini kamaytiradi.
Turmush tarzi ham muhim rol oʻynaydi. Bolaning ovqatlanishi xilma-xil boʻlishi hamda sabzavot va mevalar, sut mahsulotlari, tuxum, goʻsht, baliq va dukkaklilarni oʻz ichiga olishi kerak. Shu bilan birga, shirinliklar, chipslar, suxariklar, gazlangan va energetik ichimliklar miqdorini cheklash tavsiya etiladi. Toʻliq uyqu va barqaror kun tartibi ham kam ahamiyatga ega emas. Uxlashdan oldin telefon va planshet bilan oʻtkaziladigan vaqtni qisqartirish maqsadga muvofiqdir.
Nima uchun grippni kuzatish ayniqsa muhim
Gripp tez tarqaladi va jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Odatda dastlabki simptomlar kasallangandan keyin 1–4 kun oʻtgach paydo boʻladi. Kasallik koʻpincha toʻsatdan boshlanadi: isitma koʻtariladi, yoʻtal, holsizlik, bosh, mushak va boʻgʻimlarda ogʻriq paydo boʻladi, tomoq ogʻrishi mumkin.
Kichik yoshdagi bolalardagi simptomlarga ayniqsa eʼtiborli boʻlish kerak. Kasallik ogʻir kechganda nafas qisilishi, suvsizlanish va ishtaha yoʻqolishi kuzatilishi mumkin. Grippning asoratlari qatoriga pnevmoniya, otit, sinusit, meningit va boshqa kasalliklar kiradi.
Profilaktika usullaridan biri vaktsinatsiya boʻlib qolmoqda. U grippning ogʻir kechishi va asoratlari xavfini kamaytiradi. Emlashdan oldin Sogʻliqni saqlash vazirligi oilaviy shifokor bilan maslahatlashishni tavsiya qiladi.
Agar bola kasal boʻlib qolsa
Oddiy OʻRVIda koʻp hollarda bolaga uy sharoitida gʻamxoʻrlik qilish kifoya. Unga tez-tez kichik portsiyalar bilan suyuqlik ichirish, xonani muntazam shamollatib turish va isib ketishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Burun bitib qolganda tuzli eritmalardan foydalanish mumkin. Bolani majburlab ovqatlantirish kerak emas — uning yoshiga mos keladigan yengil taomlarni taklif qilish kifoya. Chaqaloqlarni tez-tez emizish tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, oʻzboshimchalik bilan antibiotiklar berish mumkin emas. OʻRVIni viruslar keltirib chiqaradi, antibiotiklar esa bakteriyalarga taʼsir qiladi va virusli infektsiyani davolamaydi. Ularni nazoratsiz qabul qilish nojoʻya taʼsirlar va boshqa asoratlarga olib kelishi mumkin.
Kasallik paytida, shuningdek, haddan tashqari koʻp miqdordagi shirinliklar, yogʻli va qovurilgan taomlar hamda fastfudni cheklash tavsiya etiladi. Meva va sabzavotlarni istisno qilish shart emas, sut mahsulotlari esa aksariyat bolalar uchun xavfli emas. Eng muhimi — yetarli miqdorda suyuqlik bilan taʼminlash.
Shifokor yordami qachon kerak boʻladi
Yuqori haroratda nafaqat raqamlarga, balki bolaning umumiy ahvoliga ham eʼtibor qaratish muhimdir. Sogʻliqni saqlash vazirligi isitmani tushiruvchi vositalar, jumladan, paratsetamol yoki ibuprofen, bolaning yoshi va tana vaznini hisobga olgan holda yuqori haroratda qoʻllanilishini taʼkidlaydi.
Agar ahvol yomonlashsa, yaqqol nafas qisilishi, nafas olishning qiyinlashishi yoki tezlashishi, kuchli uyquchanlik paydo boʻlsa, bola ovqatdan yoki koʻkrakdan bosh tortsa yoxud gʻayritabiiy darajada bezovta boʻlsa, tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.
Ota-onalarga xavfli davolash usullaridan qochish ham tavsiya etiladi: tomoqni yod yoki boshqa agressiv vositalar bilan artmaslik, turli preparatlarni oʻzboshimchalik bilan aralashtirmaslik va shifokor koʻrsatmasisiz ukol qilmaslik kerak. Xonani isiriq yoki boshqa tutun hosil qiluvchi vositalar bilan tutatmaslik lozim — bu nafas yoʻllarini taʼsirlantirishi va yoʻtalni kuchaytirishi mumkin.
Yuqori haroratda bolani bir necha qavat kiyim va qalin koʻrpalarga oʻrab tashlamaslik kerak. Uni yengil kiyintirish va xonada qulay haroratni taʼminlash yaxshiroqdir.
Asosiy profilaktika choralari oddiy: qoʻl gigiyenasi, toʻliq ovqatlanish va uyqu, muntazam shamollatish, ob-havoga qarab kiyinish va vaktsinatsiya. Agar bola kasal boʻlib qolsa, oʻzboshimchalik bilan davolanmaslik va uning ahvolini diqqat bilan kuzatib borish muhimdir.
2026 yil boshida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi epidemiologik vaziyatning keskin yomonlashganini qayd etdi. Yilning ikkinchi haftasi uchun milliy byulleten maʼlumotlariga koʻra, OʻRVI bilan kasallanish 1,9 baravarga oshgan, oʻtkir pnevmoniya holatlari soni esa ikki baravardan koʻproqqa koʻpaygan.

