Mahalliy

Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berildi. “Аnorbank” vaziyatni bank faoliyatiga bog‘lamaslikni so‘radi

Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berildi. “Аnorbank” vaziyatni bank faoliyatiga bog‘lamaslikni so‘radi

“Anorbank” aksiyadori Qahramonjon Olimov O‘zbekistonda sirtdan qamoqqa olindi va xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda 18-sentyabr kuni Olimovning yaqinlaridan bo‘lgan manbaga tayanib The Insider xabar berdi.

Qahramonjon Olimovning Parijda o‘g‘irlab ketilgani sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkin

Nashr yozishicha, ish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar yo‘q, biroq The Insider manbasining aytishicha, Olimov o‘tgan yilning iyunida Fransiyada o‘zining o‘g‘irlab ketilishini o‘zi uyushtirgan bo‘lishi mumkin. U shu yo‘l bilan jinoyatni tashkil qilgan shaxs sifatida sobiq ish beruvchisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimovni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

O‘sha yilning noyabrida The Insider va Fransiyaning L’Express nashri o‘tkazgan surishtiruvda voqea tafsilotlaridagi bir qator nomuvofiqliklar keltirilgandi. Jumladan, Olimov ozod qilingach, o‘zini o‘g‘irlaganlardan biri deb ko‘rsatgan shaxs bilan do‘stona yozishmalarni davom ettirgani aytilgan. U politsiya haqida ogohlantirilgan va qo‘lga tushmaslik uchun “uzoqroq yurishini” so‘ragan.

Endi esa Qahramonjon Olimov Rahimovga tuhmat qilganlikda gumon qilinmoqda. Taxminlarga ko‘ra, u shu orqali Rahimovni jinoiy ta’qib bilan qo‘rqitib, avvalroq Olimovga nisbatan bildirgan moliyaviy da’volaridan voz kechishga majburlamoqchi bo‘lgan. Rahimov bundan oldin Olimovni o‘ziga tegishli biznes aktivlarini o‘zlashtirganlikda ayblab, 200 million dollardan ortiq kompensatsiya talab qilgandi.

Yuqoridagi xabarlar fonida “Anorbank” rasmiy munosabat bildirib, voqeani bank, uning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqador bo‘lmagan aksiyadorlardan birining shaxsiy masalasi deb bayonot berdi.

“Ushbu masalalarni bank faoliyati bilan aralashtirish noto‘g‘ri va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir. Mazkur masala yuzasidan bankka hech qanday rasmiy tasdiq yoki so‘rov kelib tushmagan. Turli manbalarda tarqatilayotgan ma’lumotlar rasmiy ma’lumotlar bilan tasdiqlanmagan va vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan dalillarga asoslanmagan”, deyiladi munosabatda.

Bank odatdagi ish tartibida faoliyat yuritishda davom etayotgani, barcha bank operatsiyalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar odatdagi tartibda bajarilayotgani qo‘shimcha qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.