Putinning Yevropaga tahdidi va ko‘chmanchilar bilan to‘qnashgan Isroil harbiylari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

**Putin Yevropaga tahdid soldi, Isroil harbiylari ko‘chmanchilar bilan to‘qnashdi – kun dayjesti**
O‘tgan kun davomida dunyoda ro‘y bergan eng muhim voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
**Putinning tahdidi**
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa harakatlariga javoban ularning kemalarini ham egallab olish bilan tahdid qildi. Rossiya rahbarining bu bayonoti chorshanba kuni Tinch okeani floti mashg‘ulotlarining yakuniy bosqichiga tashrif chog‘ida yangradi.
Putin shunday dedi: "Yevropa Ittifoqining yaqinda qabul qilgan qarorlariga e’tibor qaratmoqchiman. Ko‘rib turibmizki, ba’zi mamlakatlar hukumatlari Xalqaro dengiz huquqini buzgan holda iqtisodiy operatorlarimiz kemalarining tinch yo‘l bilan harakatlanishini cheklashga urinmoqda. Yaqinda esa kemalarimizni egallab olish va bizdan talon-toroj qilingan mulkni sotish imkoniyatini o‘ylab topishdi."
U qo‘shimcha qildi: "Albatta, bu qaroqchilik va talonchilikdan boshqa narsa emas. Agar bu amaliyotda amalga oshirilsa, biz xuddi shunday javob qaytarishga majbur bo‘lamiz." Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, bu Moskva "zarur va maqsadga muvofiq" deb bilgan istalgan joyda, shu jumladan, "Tinch okeani floti hududi"da ham sodir bo‘ladi.
Iyun oyida O‘rta Yer dengizidagi Yevropa mamlakatlari harbiylariga Rossiya "soya floti"ning bir qismi deb hisoblangan kemalarni tekshirish huquqi berilgandi. Maqsad Rossiyaning Ukrainadagi urushni "moliyalashtirish" imkoniyatlarini cheklash.
Bundan tashqari, Yevroittifoqqa a’zo davlatlar "soya floti" kemasi ushlanganidan keyin undagi yukni musodara qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bunday yuk sotilishidan tushgan mablag‘lar esa hibsga olishni amalga oshirgan davlatga o‘tkazilishi mumkin.
Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida Rossiyaning "soya floti"ga kiruvchi qariyb 700 kemaga nisbatan cheklovlar bor.
**Isroil harbiylari va ko‘chmanchilar to‘qnashdi**
Isroil qo‘shinlari G‘arbiy sohildagi postda yahudiy ko‘chmanchilar bilan to‘qnash keldi.
Chorshanba kuni ertalab harbiylar ko‘chmanchilarni tarqatib yuborish uchun ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Ammo harbiylar ko‘chmanchilarni hududdan haydab chiqara olmagach, u yerdan chekingan.
Qamaldagi uchta uydan birida yashovchi falastinlik ayolning aytishicha, ko‘chmanchilar ushbu postni to‘rt kun oldin o‘rnatishgan. O‘shandan beri falastinliklar qamalda qolmoqda.
Harbiylar chorshanba kuni bergan bayonotida "u yerda bo‘lgan fuqarolarni evakuatsiya qilish ustida ishlayotganini" ta’kidladi.
Hodisa bosib olingan G‘arbiy sohildagi Qusra qishlog‘i chekkasida, falastinliklarning uylari ro‘parasida yuz berdi. Ushbu hodisa ko‘chmanchilar va Isroil harbiylari o‘rtasidagi kamdan kam uchraydigan to‘qnashuv bo‘lib, falastinliklarga qilingan hujumlarning keskin ortishi ortidan sodir bo‘lmoqda.
Harbiylar ham ko‘chmanchilarni to‘xtatish bo‘yicha bosim ostida qolgan. Chunki isroillik ko‘chmanchilarni Netanyahu hukumatidagi o‘ta o‘ng-radikal vazirlar ruhlantirib turadi.
Isroil 1967-yilda bosib olgan G‘arbiy sohil hududida taxminan uch million falastinlik va 500 ming ko‘chmanchi yashaydi. Xalqaro hamjamiyat bu hududda qurilayotgan yahudiy posyolkalarini noqonuniy deb hisoblaydi.
**Yevropada to‘liq quyosh tutilishi**
Kecha Yevropa bo‘ylab millionlab odamlar noyob hodisa – to‘liq quyosh tutilishiga guvoh bo‘ldi. Quyosh va sayyoramiz o‘rtasiga tushib qolgan Oyning soyasi qariyb 2 daqiqa davomida nurlarni to‘sib qo‘ydi.
12-avgust kunidagi tutilish Markaziy Yevropa vaqti bilan soat 18:00 dan biroz o‘tgach Rossiyaning eng shimoliy qismida boshlandi. Oy soyasi avval Grenlandiya va Islandiyani qamrab oldi, so‘ngra janubga siljigan holda Ispaniya hududlaridan o‘tdi. Soat 21:00 ga kelib, O‘rta Yer dengizida quyosh botishi bilan tutilish ham o‘z nihoyasiga yetdi.
To‘liq quyosh tutilishi uchta koinot jismining bir chiziqda joylashuvi sababli yuzaga keladi. Oy Yer sayyorasi atrofida aylanar ekan, Quyosh va Yer o‘rtasiga kirib qoladi. Shundan so‘ng Oy Quyosh nurini to‘sadi va Yer yuziga soya tashlaydi. Soya tushgan kichik hududdagi odamlar to‘liq tutilishning guvohi bo‘lishdi.
Jazirama issiqdan qiynalayotgan Yevropa uchun kunduz kuni bir necha lahzaga bo‘lsa-da qorong‘ilik cho‘kishi odamlarga xush yoqdi. Biroq bulutli havo, o‘rmon yong‘inlaridan tarqalgan tutun va bo‘ronlar ba’zi joylarda ushbu tomoshaga biroz soya soldi.
Ispaniya ushbu tabiat hodisasini eng yaxshi tomosha qilish mumkin bo‘lgan hududlarida maxsus kuzatuv maydonchalarini tashkil etdi hamda ulkan politsiya kuchlari safarbar qilindi.
**Germaniyada maxsus xizmatlarga doir qonun**
Germaniya ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan maxsus xizmatlar, xususan, Federal razvedka xizmati vakolatlarini kengaytiruvchi islohotlar paketi hukumat tomonidan ma’qullandi. Endi tegishli choralarni Bundestag tasdiqlashi kerak.
Asosiy yangilik Germaniya maxsus xizmatlariga jiddiy tahdidlar yuzaga kelganda vaziyatga aralashish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda maxsus xizmatlarning asosiy vazifasi ma’lumot to‘plashdan iborat. Islohotlar Germaniya tashqi razvedka xizmatiga xuddi boshqa mamlakatlar razvedka xizmatlari singari tahdidlarni bartaraf etish uchun operativ vakolatlarni ham berishni nazarda tutadi.
Xususan, agentlar milliy mudofaa maqsadida hakerlik hujumlarini amalga oshirish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni maqsadli ravishda tarqatish, xavf tug‘dirayotgan infratuzilmani yo‘q qilish va boshqa choralarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, xorijda jismoniy shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish taqiqlanganicha qoladi.
Islohotlarga bo‘lgan ehtiyoj Rossiya-Ukraina urushi fonida Germaniyada xavfsizlik vaziyatining yomonlashuvi bilan izohlanmoqda. Bunga misol tariqasida aeroportlarda portlovchi moddalar o‘rnatilgan dronlarning topilishi, energetika infratuzilmasiga qilingan kiberhujumlar va mudofaa korxonalaridagi josuslik harakatlari keltirilgan.
"Biz razvedka xizmatlarimizni chinakam maxfiy xizmatlarga aylantiramiz," dedi Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt.
**Texasda vertolyot quladi**
AQShning Texas shtati markazida harbiy vertolyot qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
Kecha tush vaqtida Salado qishlog‘idagi dalalarda vertolyot qoldiqlari haqida shoshilinch xabar tushgan. Ofitserlar yetib kelganida halokatni va "juda tez nazoratdan chiqib ketayotgan" yirik yong‘inni ko‘rishgan. Voqea joyida ikki kishining jasadlari topilgan.
AQSh harbiylarning ta’kidlashicha, ushbu havo kemasi yaqin atrofdagi "Ford Xud" bazasida joylashgan "Apache" zarbdor vertolyoti bo‘lgan. Voqea yuzasidan tergov davom etmoqda va favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
"AH-64 Apache" ko‘p maqsadli zarbdor vertolyot bo‘lib, u qurolli razvedka, yaqin masofadagi jang va tezkor zarba berishga qodir. Ushbu vertolyotning qurol-yarog‘ va qo‘shimcha tizimlarsiz narxi 30 milliondan 52 million dollargacha turadi.

