Siyosat

Putinni «noqonuniy prezident» degan bloger hibsga olindi

Rossiyada avval hukumatga yaqin qarashlari va muxolifatga qarshi faoliyati bilan tanilgan bloger Ilya Remeslo Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Ukrainadagi urushni keskin tanqid qilganidan keyin armiya haqida «yolgʻon axborot» tarqatish ishi boʻyicha Moskvadagi tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Unga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid qilmoqda.

Putinni «noqonuniy prezident» deb atagan bloger hibsga olindi.

TASS agentligining 24-avgust kuni blogerning advokati Sergey Badamshinga tayanib xabar berishicha, Ilya Remeslo Rossiya armiyasi haqida «feyk» tarqatish boʻyicha jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan tibbiy ekspertizadan soʻng Moskvadagi 7-sonli, «Kapotnya» nomi bilan ham tanilgan tergov hibsxonasiga oʻtkazilgan.

Bungacha Remeslo iyul oyi oxiridan beri Serbskiy nomidagi psixiatriya institutida sud-psixologik va psixiatrik ekspertizadan oʻtayotgan edi. Ekspertiza natijalari hozircha ochiqlanmagan.

Bloger kamida 16-sentabrga qadar tergov izolyatorida qolishi kutilmoqda. Shu vaqtda Moskvadagi Basman sudi unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini koʻrib chiqishga tayyorgarlik koʻradi. Ayblov boʻyicha Remesloga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Ilya Remeslo Rossiya Jamoat palatasining sobiq aʼzosi. Biroq u jamoatchilik orasida asosan Rossiya muxolifati va faollariga qarshi murojaatlari bilan tanilgan.

Xususan, Remeslo Aleksey Navalniy va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KQKF)ning uzoq yillik tanqidchilaridan biri boʻlgan. U bu faoliyati bilan Rossiya Jamoat palatasiga tayinlanishidan oldin ham tanilgan edi.

Navalniyning 2017-yilgi prezidentlik kampaniyasi uchun yigʻilgan xayriya mablagʻlari bilan bogʻliq firibgarlik ishi aynan Remesloning murojaatidan keyin qoʻzgʻatilgani aytilmoqda. Keyinchalik uning yana bir murojaati Navalniyga nisbatan rossiyalik faxriyni haqorat qilish boʻyicha jinoyat ishi ochilishiga asos boʻlgan.

2026-yil mart oyida Remeslo kutilmaganda oʻzining Telegram-kanalida Vladimir Putin hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida keskin tanqidiy postlar eʼlon qildi.

U Putinni hokimiyatni oʻzlashtirib olishda ayblab, uni «noqonuniy prezident», shuningdek, «harbiy jinoyatchi va oʻgʻri» deb atagan.

Bu bayonotlar Remesloning avvalgi siyosiy pozitsiyasidan keskin farq qilardi. Chunki u uzoq yillar davomida Putin hokimiyatini qoʻllab-quvvatlab kelgan va Rossiya muxolifatiga qarshi faol harakat qilgan.

Putinni tanqid qilgan postlar eʼlon qilinganidan ikki kun oʻtib Remeslo psixiatriya shifoxonasiga yotqizilgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, uning shifoxonaga tushishiga blogerning singlisi ham aralashgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.