«Putinga sovgʻa»: AQShning 12 senatori Trampni dizel kelishuvini bekor qilishga chaqirdi
AQShda olti nafar demokrat va olti nafar respublikachi senator Donald Trampni Rossiya bilan dizel yonilgʻisi boʻyicha kelishuvdan voz kechishga chaqirdi. Ularning fikricha, kelishuv amerikaliklar uchun yonilgʻi narxlarini sezilarli arzonlashtirmaydi, ammo Kremlga Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun qoʻshimcha mablagʻ beradi.

«Putinga sovgʻa»: AQShning 12 senatori Trampni dizel kelishuvini bekor qilishga chaqirdi
DW xabariga koʻra, Richard Blyumental boshchiligidagi senatorlar 13-oktabr kuni AQSH prezidentiga shu mazmundagi maktub yuborgan.
Murojaatda Kongress hamda Amerika xalqi Ukrainadagi urushning tugashini qoʻllab-quvvatlashi, biroq tinchlik adolatli shartlar asosida oʻrnatilishi kerakligi qayd etilgan.
Senatorlar Rossiya dizel eksportiga nisbatan AQSH sanksiyalarining bekor qilinishi Putinning harbiy tizimini qoʻshimcha mablagʻ bilan taʼminlashi va Ukraina tinch aholisiga hujumlarni davom ettirish imkonini berishini aytgan.
«Bu kelishuv raqibimizga sovgʻa va ittifoqchilarimizga nisbatan xiyonatdir. U bekor qilinishi kerak», - deyiladi maktubda.
Murojaat mualliflari fikricha, yonilgʻi qimmatligidan qiynalayotgan amerikalik oilalar Rossiya dizelining jahon bozoriga qaytishi natijasida sezilarli yengillik sezmaydi.
Shu bois ular Trampni Rossiyaga hamda uning urushni davom ettirishiga yordam berayotgan davlatlarga, xususan, Xitoyga iqtisodiy bosimni kuchaytirishga chaqirgan. Senatorlar buning uchun Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar toʻgʻrisidagi qonun bergan vakolatlardan foydalanishni soʻragan.
Maktubni demokratlar Richard Blyumental, Jin Shohin, Richard Durbin, Sheldon Uaytxaus, Jek Rid va Kristofer Kuns imzolagan. Ularga respublikachilar Mitch Makkonnell, Tom Tillis, Syuzan Kollinz, Alan Styuart Armstrong, Liza Murkovski va Jon Kornin qoʻshilgan.
Murojaat nusxalari davlat kotibi Marko Rubio va moliya vaziri Skott Bessentga ham yuborilgan.
Tramp 9-oktabr kuni Vladimir Putin bilan telefon muloqotidan soʻng Rossiya dizel yonilgʻisini Amerika va jahon bozorlariga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilganini eʼlon qilgan edi.
Uning bayonotiga koʻra, Rossiya kompaniyalari avval 300 ming tonnadan ortiq, noyabrda yana 500 ming tonna, shundan keyin esa 1 million tonna dizel joʻnatishi kerak. Keyinroq yana 3 million tonna yetkazib berish ham tilga olingan, biroq bu hajm uchun aniq muddat koʻrsatilmagan.
AQSH Moliya vazirligi Rossiya dizeliga nisbatan sanksiyalar amal qilishini 2027-yil apreligacha toʻxtatuvchi bosh litsenziya chiqargan.

