“Putin Ukrainadagi mag‘lubiyat uning hayotiga xavf solishidan qo‘rqmoqda” — The Economist

**"Putin Ukrainadagi mag'lubiyat uning hayotiga xavf solishidan qo'rqmoqda" — The Economist**
Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushda keskinlikni yanada oshirish yo'lini tanladi. Rossiya rahbari frontga qo'shimcha yuz minglab rossiyaliklarni yuborishga tayyorlanmoqda. The Economist nashrining Kreml ichidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Putin mag'lubiyat uning hayotiga xavf solishidan xavotirda.
"Ular meni osib qo'yishadi", degan prezident Putin o'z ichki doirasida.
Nashr manbasiga ko'ra, Putin urushni hozirgi sur'atda davom ettirishdan manfaatdor emas. Chunki Rossiya armiyasi bir necha yildan beri frontda hal qiluvchi yutuqqa, ya'ni burilish nuqtasiga erisha olmayapti.
"Inersiyaga asoslangan ssenariylar Kreml uchun foydali emas. Bunday yondashuv iqtisodiy resurslar va siyosiy kapitalning keskin sarflanishiga olib kelmoqda", degan Rossiya siyosiy elitasi a'zolaridan biri.
Manbalar, shuningdek, Rossiya frontga qo'shimcha 300–400 ming harbiy xizmatchi yuborishi mumkinligini ta'kidlagan. E'tiborlisi, buning uchun yangi safarbarlik e'lon qilish shart emas. Boisi 2022-yil kuzida e'lon qilingan safarbarlik to'g'risidagi farmon hanuz o'z kuchini yo'qotmagan.
Yangi tizim doirasida odamlarni armiyaga jalb etish vazifasi mintaqaviy hokimiyatlar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Mahalliy amaldorlar norozilikni markazga yo'naltirmaslik uchun turli bosim usullaridan foydalanishi kutilmoqda.
Nashrga ko'ra, Penza viloyatida ushbu yondashuvni sinovdan o'tkazish boshlangan. Hudud aholisi anchadan buyon kuchishlatar organlarning turli bosimlaridan shikoyat qilmoqda. Tarmoqlarda penzalik erkaklar ko'chalardan ushlanib, majburan urushga yuborilayotgani haqida videolar ko'paygan.
**Ikkinchi chora**
Nashrning o'z manbalariga tayanib yozishicha, Rossiya Ukrainani qo'llab-quvvatlayotgan davlatlarga qarshi gibrid operatsiyalarni jadallashtirish orqali eskalatsiya darajasini yanada kuchaytirishi mumkin. Xuddi shu vaqtda G'arb maxsus xizmatlari Rossiya Yevropaning Kiyevni qurol-yarog' bilan ta'minlayotgan zavodlariga hujumlar uyushtirishidan xavotir bildirgan.
Nashr, bundan tashqari, Putin uning siyosatiga qarshi chiqayotganlarga nisbatan bosimlarni kuchaytirishini aytgan. Bunga asosiy sabab sifatida muxolif kayfiyatdagi aholi prezident hokimiyati uchun bevosita xavf hisoblanishi emas, balki u o'zining kuchli ekanini namoyish etishi zarurligi ko'rsatilgan. Suhbatdoshlardan biri Putin AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining Moskvaga tashrifini ham zaiflik sifatida qabul qilganini aytgan.
**Rossiya elitasidagi tushkun kayfiyat**
The Economist manbalariga ko'ra, Rossiya elitasida hozir juda pessimistik kayfiyat hukm surmoqda. Muammo iqtisodiyotning holati, frontdagi muvaffaqiyatsizliklar va mojaro sabab Rossiya boy berayotgan ko'plab omillar bilan bog'liq. Manbalardan biri urushni natijadan qat'iy nazar muvaffaqiyatsizlik deb atagan.
Moskva yaqinidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum oqibati.
Shunga qaramay, manbalar iqtisodiy yoki siyosiy muammolar hozircha Putin hokimiyatiga bevosita xavf solmayotganini ta'kidlagan. Rossiya prezidenti urushni davom ettirish uchun yetarlicha moliyaviy resurslarga ham, norozilikni bostirishga imkon beradigan kuchli repressiv apparatga ham egaligini ta'kidlagan.

