Putin Ukraina bilan urushni kuchaytirishga tayyorlanmoqda – Bloomberg
Bloomberg nashrining taʼkidlashicha, Rossiyada Putin taktik yadro qurolini qoʻllashi mumkin, deb hisoblaydigan amaldorlar soni ortib bormoqda.

Putin Ukraina bilan urushni kuchaytirishga tayyorlanmoqda – Bloomberg
Bloomberg nashrining Kremlga yaqin manbalariga koʻra, Rossiya tinchlik muzokaralari boshi berk koʻchaga kirib qolganini bahona qilib, Ukrainaga hujumlarni kuchaytirishga hozirlik koʻrmoqda.
Agentlik suhbatdoshlari quyidagilarni maʼlum qildi:
* Rossiya Kiyevga, jumladan, Ukraina poytaxti markaziga, shuningdek, mamlakatning boshqa shaharlaridagi infratuzilma obyektlariga oddiy ballistik raketalar bilan zarbalarni kuchaytirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
* Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy sanksiyalar va Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari hamda logistikasiga berayotgan zarbalari bosimi ostida urushni toʻxtatmaydi.
* Moskva Ukraina zarbalarini tobora koʻproq NATO davlatlarining hujumlari sifatida baholamoqda, chunki alyansga aʼzo mamlakatlar Kiyevga qurol-yarogʻ va razvedka maʼlumotlarini yetkazib bermoqda.
* Tinchlik muzokaralarining barcha mexanizmlari barbod boʻldi, oqibatda har ikki urushayotgan tomon dastlabki nuqtaga qaytdi. Kreml urush davomida allaqachon yon bosganini va bu yon berishlarning har biri Rossiya pozitsiyasini zaiflashtirganini daʼvo qilmoqda. Diplomatik aloqalar mavjud boʻlmagan sharoitda Moskva Rossiyaga oʻz harbiy maqsadlariga erishish imkonini beradigan mojaroni yanada kuchaytirishdan boshqa muqobil yoʻllarni koʻrmayapti.
* Ukraina zarbalarining shiddati ortgani sababli rossiyalik amaldorlarning tobora koʻprogʻi Putin oxir-oqibat keskin choraga – Ukrainada taktik yadro qurolini qoʻllashga oʻtishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Bloomberg nashrining qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainada taktik yadro qurolini qoʻllashga tayyorlanayotganiga ishora qiluvchi hech qanday alomat yoʻq. Ilgari Rossiya Ukrainaning Gʻarbdagi ittifoqchilarini qoʻrqitishga urinib, bir necha bor yadroviy tahdidlarni qilgan.
Berlindagi Rossiya va Yevroosiyoni oʻrganish boʻyicha Karnegi markazi direktori Aleksandr Gabuyev nashrga bergan izohida Moskvaning taktik yadro qurolini qoʻllash xavfi oʻta past darajada qolayotganini taʼkidladi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning shu haqdagi soʻroviga javob bermadi.

