Rossiyada tadbirkorlar Ukraina urushini moliyalashtirish uchun qariyb 4,5 mlrd dollar ajratdi

Rossiyalik tadbirkorlar Ukraina urushini moliyalashtirish maqsadida qariyb 4,5 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratdilar.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik biznes vakillarini Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakat byudjetiga "ixtiyoriy badallar" o‘tkazishga chaqirganidan so‘ng, federal byudjetga yuzlab milliard rubl kelib tushdi. Deutsche Welle nashrining "Elektron byudjet" ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, avgust o‘rtalariga kelib bu mablag‘lar 383,69 milliard rublga (4,5 milliard dollardan ortiq) yetgan.
Qayd etilishicha, 2026-yilning dastlabki yetti yarim oyidagi bu ko‘rsatkich 2025-yil davomidagi jami tushum hajmidan (251,3 milliard rubl) 1,5 baravar oshib ketgan. Mart oyida Putin biznes vakillari bilan yopiq uchrashuv o‘tkazgan. The Bell nashrining yozishicha, uchrashuvda Putin tadbirkorlarga byudjetga yordam berishni taklif qilgan.
Uchrashuvgacha nodavlat tashkilotlardan byudjetga atigi 15,6 milliard rubl tushgan edi. Aprel oyining o‘zidayoq "xayriyalar" hajmi o‘n baravarga oshib, 159,7 milliard rublga yetgan. May oyida bu ko‘rsatkich yana 45,5 foizga (232,3 milliardgacha), iyunda 27 foizga (294,4 milliardgacha), iyul va avgustning birinchi yarmida esa yana 30 foizga o‘sgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Putin Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyi doirasida nutq so‘zlagan. U "Biz urishamiz deb aytdik" va "Donbass chegaralarigacha boramiz" degan mazmunda gapirgan. Manbalarga ko‘ra, "mamlakat uchun qiyin bo‘lgan ushbu davrda yirik bizneslardan badal olish g‘oyasi "Rosneft" rahbari Igor Sechindan chiqqan.
Ikki manbaga ko‘ra, tadbirkor Sulaymon Karimov uchrashuvning o‘zidayoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri 100 milliard rubl o‘tkazishga va’da bergan. Yana kamida bir nafar tadbirkor aniq summani aytmagan holda ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Ayni paytda, Ukraina tomonidan qilinayotgan hujumlar ham davom etmoqda. Xususan, mamlakat 18-avgust kuni Moskva shahri va viloyatiga 600 dan ortiq dron uchirdi.

