Putin tan oldi: Ukraina zarbalari Rossiyaga YaIMning 1 foiziga tushdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalari mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 1 foiziga teng yoʻqotishga olib kelganini bildirdi. U hujumlar qisman maqsadiga yetganini tan oldi, biroq energetika obyektlari va kemalarga oʻzaro zarba berishni toʻxtatish taklifini rad etdi.

Putin tan oldi: Ukraina hujumlari Rossiyaga YaIMning 1 foiziga teng zarar yetkazdi
DW xabariga ko‘ra, Putin bu haqda 1-oktabr kuni «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi majlisida ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, Ukraina Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berish orqali mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishni maqsad qilgan.
«Maqsadga erishdimi? Qisman», - degan Rossiya prezidenti.
Putin bunday zarbalar oqibatidagi yo‘qotishlarni Rossiya YaIMning taxminan 1 foizi deb baholagan.
U Moskva bunga javoban Ukraina iqtisodiyoti uchun muhim deb hisoblagan obyektlarga zarba berayotganini aytgan. Putin, jumladan, Ukraina metallurgiya tarmog‘i amalda to‘xtab qolganini da’vo qilgan. Uning iddaosicha, bu tarmoq qurol ishlab chiqarishda ham ishlatiladi.
### Yirik zavodlarda ishlab chiqarish kamaygan
So‘nggi oylarda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan zarbalar yonilg‘i ishlab chiqarishda uzilishlarga sabab bo‘lgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadagi oltita yirik dizel ishlab chiqaruvchi korxona mamlakatdagi ushbu yonilg‘i ishlab chiqarishining qariyb yarmini ta’minlagan. Biroq sentabr oyida ularning bir nechtasi ishlab chiqarishni keskin qisqartirgan yoki butunlay to‘xtatgan.
Xususan, Kirishi neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini to‘liq to‘xtatgan. Volgograd zavodi va NORSI korxonasi esa belgilangan quvvatining taxminan to‘rtdan bir qismida ishlagan.
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga o‘rtacha har uch kunda bir marta muvaffaqiyatli zarba berilgani qayd etilgan.
### Dizel eksportiga taqiq uzaytirilgan
Korxonalardagi uzilishlar Rossiyadan yonilg‘i eksportiga cheklovlar joriy etilishining sabablaridan biri bo‘lgan.
Reuters 30-sentabr kuni Rossiya hukumati dizel eksportiga qo‘yilgan taqiqni oktabr oxirigacha uzaytirganini xabar qilgan.
Bungacha ham yonilg‘i taqchilligi va ichki bozorda narxlar oshishi fonida eksport cheklovlari bir necha bor joriy etilgan edi.

