Rossiya zarbalari Ukraina po‘lat sanoatining 90 foizini ishdan chiqardi

Rossiya zarbalari Ukraina po‘lat sanoatining 90 foizini ishdan chiqardi
Rossiyaning raketa hujumlari natijasida Ukrainadagi uchta eng yirik po‘lat quyish zavodi faoliyatini to‘xtatdi. Bu esa mamlakatning butun po‘lat sanoatini xavf ostiga qo‘ymoqda. Ma’lum qilinishicha, sentyabr boshida Rossiya Zaporojye va Dnepropetrovsk viloyatlaridagi korxonalarga ballistik raketalar bilan zarba bergan. Uchta zavoddan ikkitasi Metinvest kon-metallurgiya kompaniyasiga, yana biri esa ArcelorMittal tarkibiga kiradi. Hujumlar oqibatida 17 nafar ishchi halok bo‘lgan.
“Ukrainada po‘lat sanoat endi yo‘q”, dedi Metinvest bosh direktori ofisi rahbari Aleksandr Vodoviz.
Uning aytishicha, Rossiya harbiylari aynan qayerga zarba berishni yaxshi bilgan. Korxonalarning domna pechlari nishonga olingan.
Metinvest va ArcelorMittal kompaniyalarining ma’lumotiga ko‘ra, bu zavodlar birgalikda mamlakatda ishlab chiqariladigan po‘latning 90 foizini ta’minlab kelgan. Korxonalarda 15 mingdan ortiq odam ishlagan. Ularning to‘xtashi iqtisodiyotning boshqa sohalari va soliq tushumlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Hozircha ta’mirlash qancha vaqt olishini bilmaymiz — kunlar, haftalar, oylar yoki yillar ketishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
Urush boshlanganidan buyon Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning temir yo‘l infratuzilmasi, zavodlari, omborlari va savdo markazlariga zarba berib kelmoqda. So‘nggi oylarda bunday hujumlar keskin kuchaydi.
Ukraina bosh vaziri Sergey Koretskiyning aytishicha, Rossiya hujumlari sabab Ukraina taxminan 1,5 milliard dollar soliq daromadidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat harbiy byudjeti tanqisligi 27 milliard yevroni tashkil etayotganini bildirgan. U ittifoqchilardan qo‘shimcha moliyaviy yordam so‘ramoqda.

