“Putin bilan Turkiyada uchrashishga tayyorman” — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Erdo‘g‘on bilan uchrashuvda Rossiya yetakchisi ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazishni, Qora dengiz xavfsizligini va boshqa masalalarni muhokama qildi.

“Putin bilan Turkiyada uchrashishga tayyorman” — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan Turkiyada uchrashishga tayyor ekanini aytdi. Bu haqda u CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Zelenskiy Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning taklifiga ko‘ra 31-oktyabr kuni Istanbulga bordi. Bu ikki yetakchining so‘nggi to‘rt oy ichidagi uchinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. Muzokaralarda Turkiyada uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi. Zelenskiy bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini, agar Anqara uni amalga oshira olsa, bundan faqat mamnun bo‘lishini bildirdi.
“Rossiya bilan urush yakunlanishi kerak. Turkiyaning vositachilik qilishiga umid qilaman. Putin bilan Turkiyada uchrashishga tayyorman”, dedi u.
### Energetika bo‘yicha sulh va Qora dengiz xavfsizligi
Zelenskiy turkiyalik hamkasbi bilan uchrashuvda qish yaqinlashayotgani va Rossiyaning ballistik raketa hujumlari davom etayotgani sababli energetik sulh masalasini ko‘targan. Tomonlar, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, Qora dengizda kemalar qatnovini xavfsiz tashkil etish va savdoni erkinlashtirish masalalarini ham muhokama qilgan.
Ukraina prezidenti 2022-yilda Qora dengizda don yo‘lagini yo‘lga qo‘yishda Erdo‘g‘onning rolini alohida ta’kidladi. Rossiya Ukraina portlarini blokada qilgan paytda ushbu kelishuv g‘allani Afrika va oziq-ovqatga muhtoj boshqa davlatlarga yetkazish imkonini bergan.
### Ukrainasiz uning taqdirini hal qilib bo‘lmaydi
Zelenskiy intervyuda tinchlik bo‘yicha har qanday muzokarada Ukraina ishtiroki bo‘lishi shartligini aytdi.
“Ukrainasiz uning taqdirini hal qilib bo‘lmaydi. Suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizni ham Ukrainasiz muhokama qilish mumkin emas. Ko‘plab yetakchilar avval ham Ukraina taqdirini bizsiz hal qilishga uringan, biroq hech biri natija bermagan. Kelishuvga erishish uchun urishayotgan tomonlarning o‘zi muzokara stolida bo‘lishi kerak”, dedi u.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiya Ukrainani uch kun ichida egallab olishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, qariyb besh yildan beri bu maqsadiga erisha olmaganini ta’kidladi.

