"Pullarni bank bloklamagan". AVO Bank yirik depozit muzlatilgani haqidagi shikoyatga javob berdi

«Pullarni bank bloklamagan». AVO Bank yirik depozit muzlatib qoʻyilgani haqidagi shikoyatga javob qaytardi
Ijtimoiy tarmoqlarda AVO Bank mijozining xonadon sotuvidan tushgan va 4 oydan ortiq vaqtdan beri qaytarib ololmayotgan omonat mablagʻlari yuzasidan qilgan shikoyati keng muhokamalarga sabab boʻldi. Erkakning soʻzlariga koʻra, depozit shartnoma muddati tugashiga bir oy qolganda muzlatib qoʻyilgan, pullar qaytarilmayapti, foizlar hisoblanishi esa toʻxtatilgan. Ushbu voqea jamoatchilikka oshkor boʻlgach, AVO Bank rasmiy munosabat bildirib, mijozning mablagʻlari bilan bogʻliq vaziyatga oydinlik kiritdi.
Mijozning soʻzlab berishicha, u 2025 yil 9 dekabr kuni notarial tasdiqlangan shartnoma asosida uyini sotgan va olingan pullarni bankning mobil ilovasi orqali olti oylik muddatga depozitga joylashtirgan. 2026 yil 14 may kuni, omonat muddati tugashiga bir oy qolganda, hisob raqami bloklab qoʻyilgan — mijozning taʼkidlashicha, buning uchun hech qanday hujjat taqdim etilmagan. 10 iyun kuni depozit muddati tugagan boʻlsa-da, mablagʻlar hanuzgacha qaytarilmagan.
AVO Bank maʼlumotlariga koʻra, cheklovlar bankning oʻz tashabbusi bilan emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organning tergov harakatlari doirasidagi talabiga binoan kiritilgan. Kredit tashkiloti tegishli talabni olganini va uni mustaqil ravishda bekor qila olmasligini taʼkidladi — cheklovni faqat uni joriy etgan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organ, yaʼni Yunusobod tumani ichki ishlar boʻlimi yechishga haqli.
«Bank huquqni muhofaza qiluvchi organlardan jismoniy shaxsning mol-mulkidan xatlovni olib tashlash toʻgʻrisidagi protsessual hujjatlarni talab qilib olish yoki soʻrash huquqiga ega emas. Bunday hujjatlarni chiqarishni soʻrab iltimosnoma kiritish va talab qilish — mablagʻlar egasi sifatida fuqaroning oʻz huquqidir», — deyiladi xabarda.
Mijozning bank unga hisob raqamini bloklash uchun asos boʻlgan aniq hujjatni taqdim etmagani haqidagi soʻzlariga javoban, moliya muassasasi vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushadigan va maxfiy yoki xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emasligini qayd etdi.
Shuningdek, AVO Bank mijoz mablagʻlarni bloklashdan chiqarish uchun asos sifatida koʻrsatayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xati bilan bogʻliq vaziyatga alohida toʻxtaldi. Omonatchining soʻzlariga koʻra, 2026 yil 10 sentyabrdagi hujjatda hisob raqamini bloklash asossiz deb atalgan. Bank ushbu xatni haqiqatan ham oʻrganib chiqqanini tasdiqladi, biroq yuridik tahlil shuni koʻrsatdiki, unda cheklovlarni olib tashlash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri protsessual koʻrsatmalar va yetarli huquqiy asoslar mavjud emas.
Bundan tashqari, AVO Bank taqdim etilgan maʼlumotlarni tekshirish va bloklashning barcha tafsilotlarini aniqlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Oʻzbekiston Markaziy bankiga mustaqil ravishda soʻrovlar yuborganini taʼkidladi. Biroq, cheklovlarni olib tashlash toʻgʻrisidagi rasmiy hujjat moliya muassasasiga haligacha kelib tushmagan. Bank mablagʻlarni bloklashdan chiqarish muddatlari kredit tashkilotiga bogʻliq emasligini va faqatgina vakolatli organning qarori bilan belgilanishini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, bank davlat tuzilmalari bilan hamkorlik qilishni va masalani tezroq hal etishga koʻmaklashishni davom ettirmoqda.
Shuningdek, AVO Bank operatsiyalar cheklanganiga qaramay, mijozning omonati boʻyicha foizlar hisoblanishi toʻxtatilmaganini aniqlashtirdi. Bundan avval mijoz foizlar 2026 yil 11 iyundan boshlab hisoblanmay qoʻyganini daʼvo qilgan edi.
Vaziyatning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga munosabat bildirar ekan, AVO Bank foydalanuvchilarni maʼlumotlarni chop etishdan oldin tekshirishga chaqirdi va oʻz pozitsiyasini qonunda belgilangan tartibda himoya qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

