“Pul o‘tkazmalarini 50 mlrd dollarga yetkazmaguncha qo‘ymayman”. Prezident — mehnat migratsiyasi haqida
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga yillik pul o‘tkazmalarini 50 mlrd dollarga yetkazish zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda fuqarolar 20 mlrd dollardan ortiq pul yubormoqda, bunda davlatning yordami deyarli yo‘q. U mehnat muhojirlarni yetarlicha qo‘llamagani uchun hokimlar va elchilarni tanqid qildi.

“Pul o‘tkazmalarini 50 mlrd dollarga yetkazmaguncha qo‘ymayman”. Prezident — mehnat migratsiyasi haqida
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xorijdan keladigan pul o‘tkazmalarining yillik hajmini 50 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Davlat rahbari mehnat migratsiyasidagi mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada samarali foydalanilmayotganini aytib, bu sohadagi davlat siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
“Eksportni 70 mlrd qilganimizdek, bir yilda bu yo‘nalishda ham 50 mlrd dollar pul xonadonlarga kirishi kerak. Buni qanday qilishni ham men bugun tushuntirib beraman”, — dedi prezident.
Uning ta’kidlashicha, xorijda ishlayotgan fuqarolarning daromadini oshirish nafaqat ularning oilalari farovonligini yaxshilaydi, balki mamlakatni xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bilan ta’minlashga ham xizmat qiladi.
“Tasavvur qiling, yoshlarimiz 50 mlrd dollarni uyiga olib kelsa vaziyat qanday o‘zgaradi. Bundan tashqari yoshlarimiz chetda ishlab kelib, malaka olib keladi, yangicha uslublarni olib keladi, chet elda esa bayrog‘imizni o‘rnatib, mash’alamizni yoqib keladi”, — dedi Mirziyoyev.
Prezident ko‘plab davlatlarda xorijiy ishchi kuchiga ehtiyoj borligini, biroq O‘zbekiston o‘z fuqarolarini chetga faqat zarur kasbiy va til tayyorgarligidan keyingina yuborishi kerakligini qayd etdi.
“Yoshlar maktabdayoq va uni tamomlaganidan keyin kamida bitta xorijiy tilni va bitta kasbni mukammal egallashi uchun kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi? Hech kim olmayapti”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasini ta’minlashda davlat organlarining o‘rniga alohida to‘xtaldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ikki barobarga kamaygan, ular yuborayotgan pul o‘tkazmalari esa to‘rt barobarga oshgan.
“Hozir ular jo‘natayotgan mablag‘ 20 mlrd dollardan oshdi. Shuni 50 mlrd dollarga olib chiqsak men sizlardan rozi bo‘laman”, — dedi prezident.
Shu bilan birga, u pul o‘tkazmalarining o‘sishi asosan mehnat migrantlarining o‘z sa’y-harakatlari hisobiga ta’minlanayotganidan norozi bo‘ldi.
“Migrantlarimiz jo‘natayotgan 20 mlrd dollar pul o‘tkazmalarida hozir davlatning hissasi yo‘q. Ular hammasini o‘zi, bir o‘zi yurib qilyapti. Men bu ko‘rsatkichni 50 mlrd dollarga yetkazmaguncha qo‘ymayman”, — dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari elchilar, hokimlar va texnikumlar rahbarlarining faoliyatini ham tanqid qildi.
“Endi savolga javob beraylik: bugungi kunda fuqarolarimiz xorijda topayotgan o‘sha 20 mlrd dollarda elchilar, hokimlar va texnikum rahbarlarining o‘rni qanday?” — dedi u yig‘ilish qatnashchilariga.
Prezident qaysi hokim xorijga safarlari chog‘ida rekruting kompaniyalari bilan shartnomalar tuzganini so‘radi.
Uning aytishicha, bu yo‘nalishda faqat shaxsan Germaniyaga borib kelgan Qashqadaryo viloyati hokimi aniq natijalarga erishgan. “Vaholanki, men hammaga bir xil topshiriq beraman”, — dedi Mirziyoyev.
Prezident o‘zbekistonlik mehnat migrantlari xorijda kamida 2000 dollar topish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Yoshlarimizni kasbga o‘rgatmay turib, ularni katta bir ummonga chiqishga majbur qilyapsizlar. Kamida 2000 dollar topishi kerak. 400 dollarga migrantlar chet elda ishlayotgani sizlarning g‘ururingizga tegmasa, mening g‘ururimga tegadi. „Qayerdansizlar?“ deb so‘rashsa, „O‘zbekistondanmiz“ deyishadi”, — dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev fuqarolarni xorijiy mehnat bozoriga tayyorlash yondashuvini o‘zgartirish zarurligini urg‘uladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar maktabni bitirayotgan paytga kelib kamida bitta xorijiy tilni bilishi va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.
Prezident, shuningdek, malakali mutaxassislarga talab yuqori bo‘lgan mamlakatlardagi O‘zbekiston elchixonalarining faoliyati yetarli emasligini aytib o‘tdi.
Xususan, mamlakatda ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikat olgan qariyb 200 ming nafar yosh bor. Biroq, davlat rahbarining bahosiga ko‘ra, ularni ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarda ish bilan ta’minlash imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti.
“Elchixonalar nima uchun kerak? O‘zbekiston xalqining manfaatlarini himoya qilish uchun. Har bir elchi har kuni o‘ziga: men bugun Vatanim uchun nima qilaman, degan savolga javob topishi kerak”, — dedi prezident.
U elchixonalar nafaqat fuqarolarga ish topishda yordam berishi, balki ular boshqa davlatga borgach ham — yangi ish joyiga moslashguniga qadar ularga hamrohlik qilishi kerakligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev mehnat migrantlariga munosabat haqida so‘z yuritar ekan, ularning oilalari farovonligi va mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdi.
“Chet elda ishlayotgan migrantlarimiz — farzandlarini kelajagi uchun mehnat qilayotgan haqiqiy mard insonlar. Bir vaqtlar bu insonlarning nomini qoralab keldik. Lekin ularga qanday sharoit yaratib berdik degan savolni o‘zimizga bermadik”, — dedi prezident.
U chet elda ishlayotgan birorta ham O‘zbekiston fuqarosi o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerakligini ta’kidladi.
Hokimlarga mehnat migrantlari oilalarining farovonligiga, ularning ota-onalarining yashash sharoitlariga va farzandlarining ta’lim olishiga e’tibor qaratish topshirildi.
Prezident, shuningdek, diplomatik vakolatxonalarning xorijdagi fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi mas’uliyatini oshirishni talab qildi.
Mirziyoyevning aytishicha, mehnat migratsiyasi geografiyasining o‘zgarishi avvalo fuqarolarning iqtisodiy manfaatdorligi va yuqoriroq daromad olish imkoniyati bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda xorijdan O‘zbekistonga jismoniy shaxslarning pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarga yetgan va 2024-yilga nisbatan 28 foizga yoki 4,1 mlrd dollarga oshgan.
O‘sish mehnat migratsiyasi mamlakatlarida ishchi kuchiga bo‘lgan barqaror talab, ish haqining ko‘tarilishi, ayrim davlatlar valyutalarining mustahkamlanishi va o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash geografiyasining kengayishi bilan izohlanadi.
2026-yilning yanvar-iyun oylarida pul o‘tkazmalari hajmi 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga yoki 1,1 mlrd dollarga ko‘pdir. Bunda o‘tkazmalarning eng katta o‘sishi Buyuk Britaniyadan — 62 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan — 27 foizga va AQShdan — 19 foizga kuzatildi.
Markaziy bank bu holat mehnat migratsiyasi geografiyasining bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilinayotganidan dalolat berishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Rossiya o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
2026-yil aprel oyida prezidentga qilingan taqdimotda 40 ga yaqin davlatda O‘zbekistonning 1,2 mln nafarga yaqin fuqarosi mehnat qilayotgani ma’lum qilingan edi. O‘shanda xorijiy ish beruvchilardan kerakli til va kasbiy ko‘nikmalarga ega 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga talabnoma kelib tushgani ham qayd etilgan.
Ushbu talabni qondirish uchun “kasb+til” tamoyili asosida o‘qitish dasturlarini kengaytirish, xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar sonini 12 tadan 20 tagacha oshirish hamda kasb-hunarga o‘qitish qamrovini kengaytirish taklif etilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahrida talab yuqori bo‘lgan 12 ta kasb va 7 ta xorijiy til bo‘yicha xalqaro imtihonlarni topshirish imkonini beradigan maqsadli tayyorgarlik markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Prezident 2025-yil noyabridayoq “Xorijda ish” elektron platformasini takomillashtirish, Migratsiya agentligining xorijdagi faoliyatini kengaytirish va mehnat migrantlarini himoya qilish bo‘yicha hukumatlararo bitimlar tuzishni tezlashtirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi.
Avgust oyida Migratsiya agentligi O‘zbekistonning 1,4 millionga yaqin fuqarosi dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida mehnat qilayotganini ma’lum qilgandi.

