Prezident xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar ish staji hisobga olinishi kerakligini aytdi
Shavkat Mirziyoyev ularning xorijdagi ish staji vatanga qaytgandan keyin hisobga o‘tishi, ayniqsa, pensiya tayinlashda bu, albatta, inobatga olinishi zarurligini ta’kidladi.

Prezident xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar ish staji hisobga olinishi lozimligini bildirdi
Shavkat Mirziyoyev 2-noyabrdagi yig‘ilishda xorijda ishlayotgan fuqarolarning pensiya huquqini to‘liq ta’minlash masalasiga to‘xtaldi.
Davlat rahbari O‘zbekiston fuqarolari 40 dan ortiq davlatda qonuniy mehnat qilayotganini, u yerda soliq bilan birga pensiya badalini ham to‘layotganini, biroq vatanga qaytganda xorijdagi ish staji hisobga olinmayotganini aytdi.
“Ularning xorijdagi ish staji vatanga qaytgandan keyin hisobga o‘tishi, ayniqsa pensiya tayinlashda bu albatta inobatga olinishi zarur”, dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, bu yil Qirg'iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan ish staji va pensiya huquqini tan olish to'g'risida ikki tomonlama bitim imzolandi. Ammo boshqa davlatlar bilan bunday kelishuvlar hali mavjud emas. Fuqarolar eng ko‘p ishlayotgan mamlakatlar bilan ham shunday bitimlar tuzilishi kerakligi ta’kidlandi. Bular Germaniya, Rossiya, Yaponiya, Koreya hamda Boltiqbo‘yi va Bolqon davlatlari.
Mas’ullarga xorijlik hamkasblari bilan muzokaralar olib borib, yil oxirigacha erishilgan aniq natijalar haqida axborot berish topshirildi.
Yig‘ilishda migratsiyadan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi migratsiyadan qaytgan. Ular orasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Yaponiya va Rossiyada sanoat, qurilish, logistika, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida tajriba orttirgan mutaxassislar bor.
Prezident xorijda yirik sanoat korxonalarida ishlab, zamonaviy texnologiya va mehnat madaniyatini o‘zlashtirgan mutaxassislar O‘zbekiston korxonalari uchun katta imkoniyat ekanini, hokimlar va tarmoq rahbarlari ularga munosib ish taklif qilib, bilim va tajribasidan foydalanishi zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda chet eldan qaytgan fuqarolarning ishlagan joyi, kasbi va staji aks etadigan platforma yaratiladi va u hokimlar hamda tarmoq rahbarlari foydalanadigan tizimga ulanadi.
Yil yakunigacha qaytgan 250 ming kishiga mos ish topish, tadbirkorlik qilishni istaganlarga esa yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda xorijda ishlashga borib muammoga duch kelgan fuqarolar “Onlayn mahalla” platformasida yordam so‘rab xabar qoldirish imkoniyatiga ega bo‘lishi, O‘zbekistonning har bir viloyatida yagona migratsiya markazi ochilishi, kelasi yildan fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasi xususiy sektordagi eng ishonchli bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkazilishi, yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir kishi uchun agentlikka 1,5 mln so‘mdan rag‘bat puli to‘lanishi ham ma’lum qilindi.

