Prezident tibbiy infratuzilmani 2036 yilgacha rivojlantirish rejalari bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev huzurida oʻtgan yigʻilishda taʼkidlanishicha, 2026–2036 yillarga moʻljallangan tibbiy infratuzilmani rivojlantirish master-rejalari ishlab chiqiladi. Samarqand viloyatida esa 2030 yilgacha 1,5 mingta yangi shifo oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda.

Prezident tibbiy infratuzilmani 2036 yilgacha rivojlantirish rejalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni tibbiy infratuzilmani yagona master-reja asosida rivojlantirish hamda sogʻliqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
2026–2036 yillarga moʻljallangan master-rejalarni tayyorlashda aholi soni va uning oʻsishi, tibbiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj, shifoxonalar quvvati hamda bemorlarning muassasalarga yetib borish vaqti inobatga olinadi.
Rejalar asosida qaysi muassasani saqlab qolish, qaysini birlashtirish yoki rekonstruktsiya qilish, qayerda yangi shifoxona qurish, uni qanday jihozlash va qancha mutaxassis kerakligini belgilash koʻzda tutilmoqda. Investitsiya dasturlari ham shu rejalarga tayanib shakllantiriladi.
Tibbiy infratuzilmani rejalashtirishdan avval mavjud obʼyektlar xatlovdan oʻtkazilmoqda. Oʻnta viloyatda oʻtkazilgan xatlovda sohaga oid 3 499 ta obʼyekt aniqlangan. Bu Kadastr agentligi maʼlumotlaridagi koʻrsatkichdan 494 taga koʻp. Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obʼyektlarning elektron pasportlarini shakllantirish va yagona raqamli reyestr yaratish taklif etildi.
Samarqand viloyati misolida tibbiy infratuzilmani qayta tashkil etish rejalari taqdim qilindi. Viloyat aholisining 80 foizi tumanlarda yashasa-da, shifo oʻrinlarining faqat 41,7 foizi tumanlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Master-rejaga muvofiq, tibbiy hududlarni qayta tashkil etish orqali tumanlardagi shifo oʻrinlari ulushini 67 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan.
Samarqand shahri, Urgut, Pastdargʻom, Kattaqoʻrgʻon, Ishtixon va Payariqda yangi shifoxonalar qurish hamda mavjudlarini rekonstruktsiya qilish rejalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, viloyat markazidagi ixtisoslashgan muassasalarni koʻp tarmoqli shifoxonalar negizida qayta tashkil etish, markaziy laboratoriyalar, sterilizatsiya va tashxislash xizmatlarini rivojlantirish taklif qilindi.
Urgut, Kattaqoʻrgʻon va Pastdargʻomda 2030 yilgacha jami 1 500 ta yangi shifo oʻrni yaratish nazarda tutilmoqda.
Taqdimotda yangi binolar qurish bilan birga, tibbiy xizmatlar sifatiga ham alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Poliklinika va shifoxonalarni loyihalashda bemorlar harakatini qulay tashkil etish, infektsion nazorat, inklyuziv muhit va xonalarni jihozlash boʻyicha yagona talablarni joriy etish taklif qilindi.

