Prezident Qallibek Kamalov xotirasiga hurmat bajo keltirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yetib keldi. Safar boshlanishidan oldin davlat rahbari taniqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi. Qurʼon suralari tilovat qilinib, marhumning haqiga duo qilindi.

Prezident Kallibek Kamalov xotirasiga hurmat bajo keltirdi
Davlat rahbari uning namunali hayot yoʻli, xayrli ishlari va ona yurtini rivojlantirishdagi xizmatlarini yodga oldi. U oʻtganlar xotirasini eʼzozlash va keksalarga hurmat koʻrsatish yosh avlod uchun ibrat ekanini taʼkidladi.
Joriy yilning fevral oyida vafot etgan Kallibek Kamalov koʻp yillar davomida Qoraqalpogʻistonda rahbarlik lavozimlarida ishlab, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, sanoat va qishloq xoʻjaligini yuksaltirishga, shuningdek, aholi turmush darajasini yaxshilashga katta hissa qoʻshgan.
Soʻnggi yillarda u faxriylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksa avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash, hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlarni tarbiyalashda faol ishtirok etdi. Uning xizmatlari «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.

