Prezident Kegeylidagi intensiv bogʻni borib koʻrdi
Orolboʻyi iqlimiga mos sanoatlashgan intensiv bogʻ maydonlari kengaymoqda.

Prezident Kegeylidagi intensiv bogʻni koʻzdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanida joylashgan ADM Agro korxonasining sanoatlashgan intensiv bogʻida yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy agrar tajriba bilan tanishdi.
Jahon amaliyotida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar boshqa sohalarni ham rivojlantirib, ko‘p tarmoqli faoliyat olib borishi keng tarqalgan.
Jizzax viloyatida avtomobil ishlab chiqarayotgan ADM Group kompaniyasi ham ayni shu yondashuv asosida faoliyatini kengaytirmoqda. Orolboʻyida intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish uning yangi yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
«Aytishlaricha, Orolboʻyining ogʻir iqlimida, shoʻr tuprogʻida bogʻdorchilik oʻzini oqlamaydi. 55 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan mazkur loyiha esa bu qarashlarni butkul oʻzgartirmoqda.
Bogʻning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Eng muhimi, mahalliy aholi uchun 100 ta muqim ish oʻrni yaratildi. Ilgari doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan qishloq aholisi endi oʻz hududida ishlab, oilasiga baraka kiritmoqda», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Hozirda 69 gektar maydonga AQShda seleksiya qilingan 250 ming tub qora olxoʻri koʻchati ekilgan. Bu nav shoʻr yerlarga juda chidamli hisoblanadi. U ekilganidan soʻng atigi 2 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxt 50-60 kilogrammgacha hosil beradi. Mevaning yirikligi va danakning oson ajralishi qayta ishlash uchun juda qulay sanaladi.
Yerdan unumli foydalanish va daromadni koʻpaytirish maqsadida daraxtlar orasiga hosildor pomidor navi ekildi. Ekin maydonining har bir gektaridan oʻrtacha 40-45 tonna hosil olish mumkin.
Bogʻda qoʻllanilgan zamonaviy texnologiyalar suv tanqisligi bilan bogʻliq muammoga samarali yechim berdi. Maydonda yopiq drenaj va tomchilatib sugʻorish tizimlari joriy qilingan. Oddiy sugʻorishda bir gektar yerga 12 ming litr suv ketadi. Yangi tizim orqali esa bu sarf bor-yoʻgʻi 5 ming litrni tashkil etmoqda. Natijada suv 60 foizgacha tejaladi.
Suv toʻgʻridan-toʻgʻri daraxt ildiziga boradi va behuda sarf boʻlmaydi. Suv bilan birga berilgan mineral oʻgʻitlar 90 foizgacha oʻsimlik tomonidan oʻzlashtiriladi. Namlikning bir maromda saqlanishi hosildorlikni yanada oshiradi. Tizim toʻliq avtomatlashtirilgani sababli yuzlab gektar maydonni birgina operator bemalol boshqara oladi.

