Prezident huzurida dron texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etiş masalalari körib çiqildi
Prezident Şavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni iqtisodiyot tarmoqlarida uçuvçisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanişni kengaytiriş va sohani tartibga solişga doir taqdimot bilan tanişdi.

Prezident huzurida dron texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi
Maʼlumotlarga ko‘ra, global dron bozori yiliga 10-15 foiz surʼat bilan o‘sib bormoqda. Ushbu texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish mamlakatimizda ham iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, yuqori malakali mutaxassislarga talabni oshirish va yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Taqdimotda uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, uchuvchisiz aviatsiyadan foydalanishni kengaytirish parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini taʼminlaydigan zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqishni talab etadi.
Bugungi kunda dronlardan foydalanishning yagona qoidalari, ularni hisobga olish va parvozlarni muvofiqlashtirish, yetkazilgan zararni qoplash hamda sug‘urtalash mexanizmlarini takomillashtirish zarurati mavjud.
Shu maqsadda uchuvchisiz aviatsiya vositalari haqidagi maʼlumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini shakllantirish, parvoz hududlarini aniq belgilash va ulardan foydalanish tartiblarini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Taqdimotda ushbu yangi yo‘nalish uchun malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Xususan, kelgusi o‘quv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, taʼlimni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarning zamonaviy aviatsiya texnologiyalariga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga ilg‘or xorijiy tajriba asosida uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

